Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri M.Turdiyev xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining kecha o‘tkazilgan navbatdagi sessiyasidagi axborotida qayd etdi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning birinchi yarmida viloyat fuqarolaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi va xalq qabulxonalariga 76796 ta murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda 4929 taga ko‘p demakdir. Murojaatlarning 54739 tasi qanoatlantirilgan, jumladan, 28421 tasi yoki 38 foizi ijobiy hal etilgan. O‘tgan yil ijobiy hal etilgan murojaatlar 82 foiz bo‘lgan.
Joylarda murojaatlarga yuzaki yondashuv va chuqur o‘rganmaslik oqibatida qator tuman va shaharlarda ko‘tarilgan masalalarni ijobiy hal etish darajasi juda past bo‘lmoqda. Masalan, bu ko‘rsatkich Paxtachi tumanida 27 foizni , Toyloq, Qo‘shrabot va Pastdarg‘omda 31, Kattaqo‘rg‘on va Payariq tumanlarida 32 foizni tashkil etmoqda.
– 2021 yilning mos davriga nisbatan murojaatlar soni besh tuman va shaharda kamaygan bo‘lsa, Oqdaryo, Bulung‘ur, Jomboy, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Narpay, Payariq, Past Darg‘om, Paxtachi, Samarqand tumanlarida ko‘paygan, – dedi M.Turdiyev. – Achinarlisi, murojaatlarning 8127 tasi takroriy bo‘lib, hududlar kesimida Samarqand shahrida 1018 tani, Past Darg‘omda 807 ta va Payariqda 736 tani tashkil etgan. Avvalgi yilning olti oyida takroriy murojaatlar 1877 ta bo‘lganini e’tiborga olsak, davlat organlari va mutasaddilar aholi murojaatlariga munosabatni o‘zgartirishlari lozim.
– Nafaqat Xalq qabulxonalari, balki Prezidentning virtual qabulxonasi va sayyor qabullarda ham takroriy murojaatlar bo‘layotganini kuzatyapmiz, – dedi ushbu masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirgan viloyat hokimi E.Turdimov. - Masalan, Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro bir yoki ikkita masala yuzasidan 968 marta murojaat qilgan.
Bu kabi masalalarni har bir sektor rahbari, kerak bo‘lsa, deputat muhokama qilishi, murojaatchining shikoyati o‘rinli bo‘lsa, unga yordam berishi, muammosini hal etishi shart. Noo‘rin bo‘lsa, qaror qabul qilib, asoslantirilgan tarzda rad etishi, fuqaroga murojaati yuzasidan tushunchalar berishi lozim Joriy yilning 20-23 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi tomonidan viloyat tuman va shaharlarida o‘tkazilgan ommaviy sayyor qabullar davomida aholidan tushgan murojaaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi ayrim tashkilot va korxonalar tomonidan ta’minlanmagan.
Misol uchun, Ishtixon tumani Beday qishlog‘ida yashovchi fuqaro N.Ochilova nabirasini davolatishda moddiy yordam so‘rab qilgan murojaati Ishtixon tuman hokimiga topshirilgan. Tuman hokimi tomonidan “murojaat o‘rganib chiqildi, tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi” deya javob berilgan bo‘lsa-da murojaatchi bilan bog‘lanilganda masala ijobiy hal etilmaganligi aniqlandi.
Kattaqo‘rg‘on tumani, Mullako‘rpa mahallasida yashovchi M.Nasimovaning yashash sharoiti og‘irligi sababli uy-joyini ta’mirlashda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaatiga ham tuman hokimligi oilaviy holati hisobga olinib, “Ayollar daftari” uchinchi bosqichiga kiritilganligi va uy-joyini ta’mirlashda bosqichma-bosqich yordam berilishi to‘g‘risida yuzaki javob xati berish bilan kifoyalangan.
G‘.HASANOV, O‘zA