Samarqandda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, ohak ishlab chiqargan xususiy korxona aniqlandi
Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda Paxtachi tumanidagi xususiy korxona rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yildagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida koʻrsatilgan zarur hujjatlarni rasmiylashtirmasdan, qaror talablariga zid ravishda, texnik shartda koʻrsatilgan loyihadan tashqari oʻzboshimchalik bilan alohida gaz quvuri oʻtkazib, tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzgan holda ohak ishlab chiqarish bilan shugʻullanib kelayotganligi aniqlandi.
“O‘zenergoinspeksiya”ning Samarqand viloyat bo‘limi tomonidan berilgan xulosaga ko‘ra, mazkur korxona 387245 m3 tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelganligi natijasida davlat manfaatlariga 580 mln so‘mlik zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA