27-28 mart kunlari yoqqan kuchli yomg‘ir sabab Samarqand viloyatining turli hududlarida sel va suv toshqinlari kuzatildi.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 27 mart kuni Samarqand shahridagi bir qator ko‘chalarda, Oqdaryo tumani markazidagi Navro‘z va A.Qodiriy ko‘chalarida, dehqon bozori ichki yo‘llarida, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Mirzo Ulug‘bek mahallasi Alisher Navoiy ko‘chasida, Kattaqo‘rg‘on shahridagi Bobur ko‘chasida yomg‘ir suvlari to‘planib qolgan. Qo‘shrabot tumani Jo‘sh mahallasi hududidagi ayrim soylarda esa sel kelib, avtomobillar qatnoviga noqulaylik tug‘dirgan.
Mazkur holatlarni bartaraf etish uchun FVB va uning tasarrufidagi bo‘linmalar tomonidan zarur kuch va vositalar jalb qilingan.
28 mart kuni Paxtachi tumanining Keshtali, Guliston, Yangiobod va Go‘ro‘g‘li mahallalarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel xavfi paydo bo‘ldi. Tuman hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, buning oqibatida tumandagi bir qator yo‘llar va ko‘priklar jiddiy zarar ko‘rdi. Suv toshqini oqibatida ayrim yo‘llarda transport vositalari harakati to‘xtatildi.
Sel kelgan hududlarda tabiiy ofat ko‘lami kengayishining oldini olish maqsadida sektor rahbari, Zarafshon, Narpay irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tomonidan tezkor choralar ko‘rildi.
Keyingi ikki kundagi kuchli yog‘ingarchilik Kattaqo‘rg‘on tumanining Moybuloq, Jarboshi va Oltinsoy qishloqlariga sel kelishiga sabab bo‘ldi. Tuman markazining ayrim ko‘chalariga suv to‘planib, ko‘p qavatli o‘ylarning yerto‘lalariga suv kirishi holatlari kuzatildi. Ariqlardagi sel yo‘llarini tozalash, ko‘p qavatli turar joylarning yerto‘lalaridan suvlarni chiqarish uchun favqulodda vaziyatlar bo‘limi va boshqa tegishli xizmatlarning maxsus texnika va kuch vositalari safarbar etilib, tabiiy ofat oqibatlari bartaraf etilmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA