Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda sektor rahbarlari futbolda bahslashdi
16:53 / 2023-10-15

Aholi o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish va shu orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bugungi kundagi muhim vazifalardan biri. Bu – ko‘p gapirilayotgan fikr. Amalda-chi? Aytayotganlar, targ‘ibot olib borayotganlarning o‘zlari bunga amal qilishyaptimi?

Aynan shuning uchun Samarqand viloyati hokimligi tomonidan viloyat, tuman va shahar sektorlar jamoalari o‘rtasida mini futbol bo‘yicha “Viloyat hokimi kubogi” musobaqalari tashkil etildi.  

Musobaqa nizomi joriy yilning avgust oyida tasdiqlandi va sentyabr-oktyabr oylarida viloyat hamda 16 tuman, shahar sektorlar rahbarlari boshchiligidagi jamoalar o‘zaro musobaqalashdi.  

Shu o‘rinda bir mulohaza. Avvalari bunday paytda hokimlar va boshqa rahbarlarning bosh qashishga ham vaqti bo‘lmasdi, hamma paxta yig‘im-terimi bilan shug‘ullanardi. Ana hokim va rahbarlar fermer yoki terimchi boshiga borib turmasdan ham paxtani yig‘ishtirib olsa bo‘larkanku. Ma’lumot uchun, 15 oktyabr holatida Samarqand viloyatida fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida yetishtirilishi kerak bo‘lgan 265 ming tonna paxtaning 256 ming tonnasi, ya’ni qariyb 97 foizi yig‘ishtirib olinibdi.

Futbolga qaytamiz. Xullas, rahbarlarning sport bilan qay darajada shug‘ullanayotgani o‘yinlar davomida yaqqol namoyon bo‘lib bordi.  

Nihoyat finalda viloyat sektor rahbarlari va Toyloq tumani sektorlari mas’ullari kuch sinashadigan bo‘ldi. Jamoalar Samarqand shahridagi futbol maydonida jam bo‘ldi.  

Uchinchi o‘rin uchun esa Urgut va Ishtixon tumanlari jamoalari maydonga tushdi. Murosasiz kechgan bahsda Ishtixon tumani sektor rahbarlari urgutlik hamkasblari ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.  

Samarqand viloyati va Toyloq tumani sektor rahbarlari uchrashuvida esa viloyat yetakchilarining qo‘li baland keldi – 4:1.  

Shu tariqa viloyat sektor rahbarlari jamoasi Samarqand viloyati hokimining kubogini qo‘lga kiritdi. Albatta, jamoalarga musobaqa nizomiga ko‘ra, ta’sis etilgan sovg‘alar ham topshirildi. Shuningdek, katta musobaqalardagi kabi “Eng sermahsul hujumchi”, “Eng yaxshi darvozabon”, “Eng yaxshi himoyachi” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar taqdirlandi.

Jamoalarga kubok va medallarni topshirish chog‘ida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bunday musobaqalar muntazam o‘tkazilishini, o‘z navbatida tuman, shaharlarda ham davlat xizmatchilari va rahbarlar o‘rtasida shu kabi sport tadbirlarini ko‘paytirish lozimligini ta’kidladi. Viloyat sporti mas’ullarining aytishicha, endi sektorlar jamoalari o‘rtasida voleybol bo‘yicha musobaqa o‘tkazilar ekan.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri.