Mamlakatimizda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida Qozog‘iston madaniyati kunlari o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbirlar doirasida Samarqand shahridagi “Nurafshon” madaniyat saroyida Roza Baglanova nomidagi “Qozoqkonsert” davlat muassasasi ijodiy guruhining konsert dasturi namoyish etildi.
Konsert avvalida Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari R. Qobilov va boshqalar o‘zbek va qozoq xalqlarining qavmu qarindoshlik, do‘stlik munosabatlari tarixi uzoq o‘tmishga borib taqalishi, tili, dini, urf-odati hamda madaniyatlari mushtarakligi e’tirof etildi.
Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar yildan-yilga rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Bugungi kunda Samarqand shahrida Qozog‘iston Respublikasi bosh konsulxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Konsertda qardosh xalqning bir guruh san’at ustalari, yetakchi badiiy jamoalari tomonidan qozoq xalq qo‘shiq va termalari ijro etildi.
Jumladan, Qozog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Alisher Karimov, xalqaro tanlovlar sovrindorlari Ruxiya Baydukenova, Madi Sizdikov, “Gulder”, “Turon” folklor-etnografik ansambllarining chiqishlari yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi.
G‘. Hasanov,
A. Isroilov (surat), O‘zA