Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda o‘tgan voha “derbi”sida murosa yo‘li tanlandi
12:48 / 2025-04-14

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasi 5-turidan o‘rin olgan barcha 8 ta uchrashuv nihoyasiga yetdi.

Ushbu turda Samarqandda “Dinamo” yon qo‘shnilari Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasini qabul qildi. Bu bahsga maydon egalari o‘tkazilgan 4 uchrashuvda 2 g‘alaba va 2 durang qayd etib, o‘z darvozalari daxlsizligini saqlab qolgan holda peshqadamlar qatorida yetib keldi. Mehmonlar uchun chempionat muvaffaqiyatsiz boshlanib, dastlabki 3 turda mag‘lubiyat alamini tatigan bo‘lsada, bundan avvalgi 4-turda jizzaxliklar  O‘zbekistonning eng nomdon klublaridan biri – “Paxtakor” ustidan zafar quchib, o‘z kuchlariga ishongan holda maydonga chiqdi.

O‘yin hech qanday “razvedka”larsiz, muxlislarga xush keladigan qarama-qarshi hujumlar bilan boshlandi. Birinchi bo‘lim boshida biroz bosim va ustunlik maydon egalari tomonida bo‘lgan bo‘lsa-da, golga tortadigan ilk vaziyatni mehmonlar yaratishdi. Ammo bu imkoniyatdan “So‘g‘diyona” futbolchisi Umidbek Sultonov foydalana olmadi.

Shuningdek, har ikki jamoaning serbiyalik legionerlari “Dinamo”chi Marko Stanoyevich ham, mehmonlardan Luka Jorjevich ham qulay vaziyatlarni golga aylantira olmadi.

Uchrashuvning 25-daqiqasiga kelib hisob ochildi. Maydon egalari yarim himoyachisi Firdavs Abdurahmonovning oshirgan to‘pini mezbonlarning braziliyalik legioner futbolchisi Fereyra Ratino 18 metrlar olislikdan ajoyib zarba yo‘llab, supergol muallifi bo‘ldi.  Uning zarbasiga jizzaxliklar himoyachilari xalaqit bera olishmagan bo‘lsa, “So‘g‘diyona”ning 19 yoshli iqtidorli darvozaboni Muhammadyusuf Sobirovning bo‘yi biroz pastligi pand berib qo‘ydi – 1:0.  

Shundan so‘ng, Ivan Boshkovich jamoasi mezbonlar jarima maydonida tez-tez paydo bo‘lib, hujumlari sonini oshirdi, maydon egalari himoyachilariga bosimni kuchaytirdi va bu o‘yinning 39-daqiqasiga kelib o‘z samarasini berdi. Mehmonlarning tojikistonlik legioneri, shu mamlakat milliy terma jamoasiga nomzod Zoir Jo‘raboyev chap qanotdan oshirgan to‘pni “Dinamo”ning ukrainalik legioneri Oleksandr Kucherenko qaytarishda xatolikka yo‘l qo‘ydi va to‘p to‘g‘ri Javohir Qahramonovga kelib tushdi. Javohirning yaqin masofadan bergan zarbasi golga aylandi va “Dinamo” posboni Ravshanbek Yagudin 5-turga kelib, o‘z darvozasidan birinchi golni olib chiqishga majbur bo‘ldi – 1:1.

O‘yinning birinchi bo‘limi ana shu hisob bilan yakuniga yetdi. Tanafusdan so‘ng, mehmonlar bosh murabbiyi tarkibda o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Natijada maydon egalari darvozasi oldida bir qator xavfli vaziyatlar yaratildi, hatto “So‘g‘diyona”ning makedoniyalik legioneri Lyupcho Doriyev samarqandliklar darvozasini bir bor ishg‘ol ham etdi. Lekin bu vaziyatda yordamchi hakam Akmal G‘iyosov bayroqchasini ko‘tarib, Lyupchoni o‘yindan tashqari holatda deb baholadi. VARdagilar ham, garchand teleekran orqali “ofsayd”ni ko‘rsatuvchi chiziq tortib ko‘rsatishmagan bo‘lsalarda, bu holatni inkor etmadi va gol inobatga olinmadi.

Menimcha, ushbu uchrashuvda maydondagi hakam va VAR hakami Nikita Mustafin hamda VARda unga yordamchilik qilgan Avaz Abdullayevlarning fikrlari bir necha holatda bir joydan chiqmagandek, tuyuldi.

Masalan, “Dinamo” jarima maydonchasida ikki bor to‘p himoyachilarning qo‘liga tegib, yo‘nalishini o‘zgartirgan bo‘lsa, ikkinchisida zarba kuchini sekinlatgan edi. VARdagilar har ikki vaziyatda “Dinamo” darvozasiga penalti belgilashga asos bor deya, bosh hakam Doston Rahmonovni monitor yoniga taklif qildi. Ammo har ikki vaziyatda ham bosh hakam 11 metrlik jarima to‘pi belgilash shart emas, deya hisobladi. Hakamning haq yoki nohaq ekaniga baho berish mening vazifamizga kirmaydi, albatta, va bu holatga baho berish hakamlar boshqaruvini tahlil qiluvchi mutasaddilarning hukmiga havola.

Ushbu uchrashuvning ikkinchi bo‘limida ham har ikkala jamoada gol kiritish uchun imkoniyatlar yuzaga keldi, ammo futbolchilar ulardan foydalana olmadi. Shu tariqa, murosasiz kechgan voha “derbisi”dagi bahsda murosa ko‘chasi tanlanib, “Dinamo” – “So‘g‘diyona” o‘rtasidagi o‘yin 1:1 hisobidagi jangovar durang bilan nihoyasiga yetdi.  

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Ivan Boshkovich o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

–  “Dinamo” hozirgidek agressiv jamoa emasdi, bu borada kuchayibdi, buni e’tirof etishim lozim, – dedi “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi. – Shu bois bir ochko hozir yomon natija emas. Bu yil ham chempionatda favvoritlar ko‘p, hattoki o‘tgan yilgidan ham ko‘ra ko‘proq degan bo‘lardim. Ko‘p jamoalar teng kuchli bo‘libdi. O‘yinlar tomoshabop o‘tmoqda, stadionlar muxlislar bilan to‘layotgani meni xursand qilmoqda. Mana shunday o‘sishda davom etayotgan chempionatda ishlayotganimdan mamnunman”,  

5-turning qolgan bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Mash’al” (Muborak) – “Neftchi” (Farg‘ona) – 1:4, “Navbahor” (Namangan) – “Sho‘rtan” (G‘uzor) – 2:0, “Qo‘qon – 1912” (Qo‘qon) – “Buxoro” (Buxoro) – 1:0, “Bunyodkor” (Toshkent) – “Qizilqum” (Navoiy) – 0:0, “Xorazm” (Urganch) – OKMK (Olmaliq) – 0:1, “Paxtakor” (Toshkent) – “Andijon” (Andijon) – 2:3, “Nasaf” (Qarshi) – “Surxon” (Termiz) – 1:0.

Chempionatimizda o‘tkazilgan 5 turdan so‘ng Mirjalol Qosimov bosh murabbiylik qilayotgan OKMK 13 ochko jamg‘arib yakka peshqadam bo‘lib turibdi. 2- va 3- o‘rinlarda borayotgan “Bunyodkor” va mamlakatimizning amaldagi chempioni “Nasaf” hisobida 11 tadan ochko bor.

Besh uchrashuvning to‘rttasida mag‘lub bo‘lgan “Paxtakor” esa, ushbu turga kelib 3 ochko bilan kutilmaganda “autsayder”lar guruhi(13-o‘rin)ni boshqarib turibdi. Xuddi shuncha o‘yindan 3 tadan ochko yiqqan “Surxon” va “Mash’al” 14- va 15-o‘rinlarda bormoqda. Jadvalga 5 uchrashuvdan atiga 1 ochko to‘play olgan “Sho‘rtan” yakun yasab turibdi.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri