Samarqand shahrining Ibn Xoldun ko‘chasini “Asian World” (Osiyo dunyosi) turizm ko‘chasiga aylantirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.
Shahar turistik infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlar uchun yangi va jozibador maskan yaratish hamda Samarqandning xalqaro turizm imijini yanada mustahkamlashga qaratilgan loyiha bo‘yicha ushbu ko‘cha Osiyo davlatlariga xos yagona me’moriy va dizayn konsepsiyasi asosida qayta tashkil etiladi.

Jumladan, piyodalar yo‘laklari, tashqi yoritish tizimi, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, dam olish zonalari hamda ko‘cha bezaklari Osiyo mamlakatlarining milliy uslublari uyg‘unligida zamonaviy yechimlar bilan jihozlanadi. Shuningdek, ko‘chada turizm axborot vositalari, yo‘naltiruvchi belgilar va foto zonalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
“Asian World”da Osiyoning turli davlatlari madaniyati, milliy taomlari, hunarmandchiligi va an’analari o‘z aksini topadi. Bu esa nafaqat xorijlik sayyohlar, balki mahalliy aholi uchun ham yangi madaniy va sayyohlik muhitini yaratishga xizmat qiladi.

Samarqand shahar hokimligi hamda viloyat turizm boshqarmasi mas’ullari shahardagi “Asian World” singari va 24/7 tizimida faoliyat yurituvchi gastronomik turizm ko‘chalarini tashkil etish, ularda sayyohlar uchun xavfsiz va xalaqaro talablarga mos sharoit yaratish masalalarini muhokama qildi.
Muhokama jarayonida Samarqand shahridagi tanlab olingan istiqbolli ko‘chalarni zamonaviy dizayn va yagona konsepsiya asosida qayta ta’mirlash , milliy va xalqaro oshxona yo‘nalishidagi umumiy ovqatlanish shoxobchalarini joylashtirish, sanitariya va xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, ko‘chalarda kechayu kunduz faoliyat yurituvchi gastronomik ob’ektlar, dam olish zonalari, yoritish va navigatsiya tizimlarini joriy etish takliflari bildirildi.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 27 dekabrdagi “Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarorida ham Samarqand shahridagi 6 ta aholi gavjum ko‘chada savdo-servis, gastronomik va turizm xizmatlarini keng joriy etish uchun qulay muhit va infratuzilma mavjudligi qayd etilib, bundan samarali foydalanish chora-tadbirlari belglangan. Shuningdek, shahar markazidan o‘tgan Chashma kanali atrofida sohilbo‘yi maskanlari tashkil etilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri