Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda o‘qiyotgan bo‘lajak shifokorlar Jizzaxga ishga taklif etildi
15:09 / 2021-05-12

Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ozoda Mahmudova boshchiligida hududdagi davolash-profilaktika muassasalari hamda shahar va tumanlar tibbiyot birlashmasi rahbarlari Samarqand davlat tibbiyot institutida bitiruvchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori tibbiyot fanlari doktori, professor Jasur Rizayev jizzaxlik ish beruvchilarni bitiruvchilarning mutaxassisliklari, ixtisos yo‘nalishlari bilan tanishtirdi. Rektor bitiruvchilarning hozirdanoq Jizzaxda ish boshlashlari uchun institut tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilishini, ularning o‘qishlari onlaynga ko‘chirilib, davlat imtihonlarini topshirib ketuvchilarning diplomlari Jizzaxga olib borib topshirilishini bildirdi.  

O‘z navbatida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ozoda Mahmudova barcha jizzaxlik bitiruvchilar va boshqa xohlovchilarni Jizzaxga ishga taklif etdi. Ularga Prezidentimiz qarorlari bilan berilayotgan imtiyozlar va yarataladigan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.  

 – Viloyatimizda 200 dan ortiq shifokor yetishmaydi, – dedi O.Mahmudova. – Hozir ishlayotgan shifokorlarni qariyb 40 foizi nafaqa yoshidagi mutaxassislar. Viloyatda oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlariga talab juda ham yuqori. Shuning uchun bugun butun jamoamiz bilan sizlarni ishga taklif qilish uchun keldik.  Jizzaxlik bitiruvchilardan umidimiz katta. Sizlarni viloyatimizga qaytib, xalqimiz salomatligini saqlashda yordam berishlaringizga ishonamiz. Sizlarga Prezidentimiz tomonidan beriladigan imtiyozlardan tashqari, shahar va tumanlar hokimlari tomonidan ham ishlash va yashashingiz uchun qulay shart-sharoitlar yaratib beriladi.  

 Shuningdek, uchrashuvda viloyatdagi tarmoq tibbiyot muassasalari, tuman tibbiyot birlashmalari rahbarlari bitiruvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berib, ishga borganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.  

 Jizzaxlik ish beruvchilarning taklifiga ko‘ra, bitiruvchilar Jizzax viloyatida ishlashga rozilik berdi. Ularning ko‘pchiligi bilan shu yerning o‘zida mehnat shartnomalari tuzildi.  

 – Men nasib qilsa 15 maydan so‘ng G‘allaorolda ish boshlayman, – dedi SamTI bitiruvchisi Jamshid Eshonqulov. – Hozir G‘allaorol tuman tibbiyot birlashmasi bilan mehnat shartnomasi tuzdim. Rektorimiz o‘qishimni onlaynga ko‘chirishga ruxsat berdi. Hali o‘qishni bitirmasdan bizga ko‘rsatilayotgan shuncha e’tibordan xursandman. Olti yilda olgan bor bilimimiz bilan xalqimiz salomatligini mustahkamlashga xizmat qilaman.

 

T.Beknazarov, O‘zA