Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda ommaviy sayyor qabullar boshlandi
20:53 / 2022-06-20

Samarqand viloyatida aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar muammolari bilan ishlashni samarali tashkil etish, hududlarda yechimini kutayotgan masalalarni “mahallabay” o‘rgangan holda joyida va tezkor hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi rahbarligida vazirlik va idoralar, sektorlar, hududiy boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida ommaviy sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.

Bugun dastlabki ommaviy sayyor qabul Samarqand shahrida Pastdarg‘om, Nurobod, Samarqand tumanlari va shahar aholisi uchun o‘tkazildi. Unda respublika vazirlik va idoralari, sud-huquq organlari rahbarlari, Samarqand viloyati sektor boshliqlari va hududiy tashkilotlar mas’ulari ishtirok etib, aholini qiynab kelayotgan masalalarni eshitib, shu yerning o‘zida yechim topishga harakat qildi.

– Pastdarg‘om tumanida ko‘p qavatli uy-joy quryapmiz, – deydi tadbirkor Sh.Axtamov. – Hamma hujjatlarimiz joyida, tegishli tashkilotlarning xulosalarini olganmiz. Lekin qurilish ishlari yakuniga yetay, deb qolgan paytda oldingi egalarining noqonuniy talablari tufayli idorama-idora, sudma-sud sarson bo‘lyapmiz. Ushbu masalada yordam so‘rab respublika biznes-ombudsmanga murojaat qildik va masalamiz tegishli mas’ullar bilan birga joyida o‘rganiladigan bo‘ldi.

[gallery-7636]

Tadbir davomida fuqarolar tomonidan sud-huquq masalalari, bank va kredit, tibbiy xizmat ko‘rsatish, ta’lim, kommunal soha va boshqa masalalar yuzasidan tegishli mas’ullarga murojaatlar bildirildi. Shuningdek, viloyat hamda tegishli shahar va tumanlar hokimlari, sektor rahbarlari ham fuqarolarni qabul qilib, ularning muammolarini eshitdi. Jumladan, viloyat hokimining qabulida yuzdan ortiq murojaat qayd etildi. Sayyor qabul doirasida 3 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hamda 7 nafar yoshlarga fuqarolik pasportlari – ID kartalar tantanali topshirildi.

– Yigirma yetti yildan beri Samarqandda yashayman, to‘ng‘ich farzandim 28 yoshga to‘ldi, ammo menda fuqarolik yo‘q edi, – deydi Samarqand shahrining “Terakzor”mahallasida yashovchi Dilfuza Karimova. – 1995 yilda Samarqandga turmushga chiqqandim. Turmush o‘rtog‘im, uch o‘g‘lim O‘zbekiston fuqarosi. Oilada faqat menda fuqarolik yo‘q edi. Bu ba’zida muammolarga sabab bo‘lardi. Davlatimiz rahbarining oqilona siyosati tufayli fuqarolikka ega bo‘ldim.

Ommaviy qabul davomida nogironligi bo‘lgan, tibbiy-ijtimoiy xizmatga muhtoj bir guruh fuqarolarga nogironlik aravachasi va boshqa vositalar, ixtisoslashgan tibbiy muassasalarda davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.

Sayyor qabullar 21, 22, 23 iyun kunlari hududiy tarzda Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon va Jomboy tumanlarida viloyatning barcha tuman va shaharlarini qamrab olgan holda o‘tkaziladi.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA