Samarqandda oliy harbiy bilim yurti bitiruvchilariga diplomlar topshirildi
Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining navbatdagi bitiruvchilariga diplom va ko‘krak nishonini topshirishga bag‘ishlangan marosim o‘tkazildi.
Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining navbatdagi bitiruvchilariga diplom va ko‘krak nishonini topshirishga bag‘ishlangan marosim o‘tkazildi.Ushbu oliy harbiy ta’lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga zamonaviy harbiy ta’lim sirlarini puxta egallagan, jismonan baquvvat, ma’nan yetuk kadrlar tayyorlab berish borasida boy tajribaga ega. Bugungi kunda bu yerda avtomobil bo‘linmalari taktik qo‘mondonligi, artilleriya qo‘shinlari taktik qo‘mondonligi, raketa-artilleriya, qurol-aslaha taktik qo‘mondonligi, muhandislik qo‘shinlari taktik qo‘mondonligi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.
Bilim yurtida kursantlarning zamon talablari darajasida bilim olishi, kasb ko‘nikmasini puxta egallashi uchun barcha sharoit yaratilgan. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni olib borishga ixtisoslashgan maxsus xonalar va axborot texnologiyalari, zamonaviy harbiy texnika va jihozlar, sport inshootlari, axborot-resurs markazi yoshlarning yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishiga xizmat qilmoqda.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari, polkovnik D.Murodov, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sh.Mahbubov, Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev va boshqalar mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar va bu jarayonda milliy armiyamiz uchun yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Davlatimiz tomonidan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy muhofaza qilish maqsadida bir qator imtiyozlar yaratilmoqda.
Milliy armiyamiz saflarida ofitserlik faoliyatini boshlaydigan yoshlarga oq yo‘l tilab, ezgu niyatlar bildirildi.
– Bugun egizak farzandlarim Mansurbek va Muslimbek ofitserlik unvonini olib, milliy armiyamiz saflariga xizmatga yo‘l olayotganidan boshim ko‘kka yetdi, – deydi Matluba Suvonova. – Turmush o‘rtog‘im shu sohada mehnat qilgani uchun bizning oilamizda ham harbiylikka xos qat’iy tartib-intizom shakllangan, bolalarim shu ruhda voyaga yetgan. Ishonamanki, farzandlarim otasi ishini munosib davom ettiradi. Vatanimiz chegaralari daxlsizligi, xalqimiz osoyishtaligini ta’minlashga qodir ofitser bo‘ladi.
Tadbir yakunida konsert dasturi va bilim yurti kursantlarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.