Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari kamaydi
18:51 / 2025-10-06

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida davlatimiz rahbarining 2022 yil 4 apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining viloyatdagi ijrosi yuzasidan viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Abdunabi Nosirov hisobot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 9 oyida Samarqand viloyatda 747 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etildi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 taga ko‘paydi. O‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 17 taga (198/181) kamayishiga erishilgan.

Umumiy yo‘l-transport hodisalari Urgut (59/61), Jomboy (22/31), Toyloq (39/56), Payariq (34/40), Ishtixon (23/31), Narpay (45/52) va Paxtachi (34/43) tumanlarida ko‘paygan.

– Yo‘l-transport hodisalarining 354 tasi piyodalarni urib yuborish, 265 tasi transport vositalari to‘qnashuvi bilan bog‘liq bo‘ldi, – dedi A.Nosirov. – 34 holatda haydovchining mast holatda transport vositasini boshqargani bunday ko‘ngilsiz hodisalar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Natijada 89 nafar piyoda vafot etgan, 269 nafari esa turli daraja tan jarohatlari olgan. Inspektorlarimiz tomonidan yilning o‘tgan davri mobaynida 538 ming 727 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Shundan 138 ming 54 tasi qo‘pol qoidabuzarlik, 2995 tasi mast holda transport vositasini boshqarish, 10 ming 639 tasi svetoforlarning taqiqlovchi qizil chirog‘iga bo‘ysunmaslik, 30 ming 50 tasi piyodalar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlik hisoblanadi. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari tomonidan esa 1 million 217 ming 658 ta qoidabuzarlik aniqlanib, jami 576 milliard 888 million so‘m jarima qo‘llanilgan. Ayni paytda viloyatda 61 dona radar va 118 dona intellektual kamera o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu qurilmalar yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona axborot tizimiga integratsiya qilinib, ishga tushirildi.

Yo‘llarni saqlash qoidalarini buzgan hamda yo‘llarning qatnov qismida ta’mirlash ishlari olib borish jarayonida vaqtinchalik yo‘l belgilari va to‘siqlar o‘rnatib, harakat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rmaganligi uchun viloyatdagi 54 nafar mansabdor shaxsga ma’muriy choralar qo‘llanilgan.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri