Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda nufuzli shaxmat musobaqasi boshlandi
11:38 / 2025-03-10

Samarqandda umumiy sovrin jamg‘armasi 50 ming AQSH dollari bo‘lgan “Women’s Chess Championship” xalqaro turniri boshlandi.

Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan turnirda 13 davlatdan 150 nafar jahon shaxmatining ayol ustalari ishtirok etmoqda.

Kecha musobaqaning ochilishida ishtirok etgan O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindorov hamda Samarqand viloyat hokimligi mas’ullari mazkur musobaqa 2026 yilda yurtimizda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini o‘tashini qayd etdilar. Shuningdek, turnir ayol-qizlar shaxmatini rivojlantirish, milliy terma jamoa a’zolarining mahoratini oshirish hamda xorijlik shaxmatchilar bilan o‘zaro tajriba almashish imkonini berishini ta’kidlandi.  

Musobaqada o‘zbekistonlik reytingi yuqori shaxmatchilardan Umida Omonova, Barchinoy Shokirjonova, Afruza Hamdamova, Marjona Malikova hamda Nodira Nodirjonova  g‘oliblikka asosiy da’vogar sifatida yurtimiz sharafini himoya qilmoqda.  

Bahslar FIDE qoidalari asosida o‘tkazilmoqda va “A” guruhida 1800 va undan yuqori reytingli ishtirokchilar, “B” guruhida reytingi 2000 va undan past bo‘lgan shaxmatchilar qatnashmoqda.  

Musobaqa nizomiga ko‘ra, turnir shveysar tizim standart yo‘nalishida 9 turda o‘tkaziladi. Har bir ishtirokchiga 90 daqiqadan vaqt beriladi va birinchi yurishdan boshlab har bir yurishga 30 soniyadan vaqt qo‘shib boriladi. 30 yurishgacha durangga kelishish mumkin emas.

Turnir 19 martga qadar davom etadi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari