Viloyatda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi sessiyasida hisobot bergan Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Sardor Luqmonov bu haqda ma’lum qildi.

– O‘tgan yil birinchi chorakda viloyat bo‘yicha 300 ming 560 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs bilan manzilli ish olib borilgan bo‘lsa, joriy yilda qariyb 198 ming nafar shaxsga yordam berildi, – deydi S.Luqmonov. – Ularning 81 ming 393 nafarini kam ta’minlangan oilalar a’zolari, 110 ming 422 nafarini nogironligi bo‘lgan shaxslar, og‘ir kasallikka chalinganlar, shuningdek, jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalar, 1872 nafarini o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashaydigan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, 1244 nafarini tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari, shuningdek, odam savdosidan jabr ko‘rganlar, 1001 nafarini yetim, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda to‘liq bo‘lmagan oilalardagi bolalar tashkil etdi.
“Mahalla yettiligi” tarkibiga ijtimoiy xodimlar kiritilganligi sababli 102 ta ijtimoiy xizmat mahalla darajasiga tushirilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining 75 foiz muammolarini mahallaning o‘zida hal etish imkoniyati yaratildi.
Viloyatdagi 110 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslarning 3640 nafari reabilitatsiya vositalari va protez ortopediya moslamalari bilan ta’minlandi, 118 nafari to‘liq, 449 nafari qisman reabilitatsiya qilinib, sog‘lomlashtirildi. 2287 nafarining bandligi ta’minlandi. Amalga oshirilgan ishlar, ko‘rsatilgan ijtimoiy xizmat va yordamlar natijasida 2025 yil 1 aprel holatiga viloyatda nafaqa oluvchilar 81 ming 393 tani (viloyat umumiy aholisining 7,8 foizi) tashkil etdi. O‘tgan yil bu raqam 189 ming 781 ta bo‘lgan. Nafaqa oluvchilar kamayishi tufayli 68,7 milliard so‘m byudjet mablag‘i iqtisod qilindi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri