Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi shaklidagi bino qurildi
15:27 / 2025-08-26

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakultetining yangi o‘quv binosi shunday ko‘rinishda bunyod etildi.

To‘rt qavatdan iborat bino qurilishida zamonaviy va sharqano me’morchilik an’analari uyg‘unlashtirilgan. Bu yerda 1200 nafar talabaga zamonaviy kompyuter texnologiyalarini o‘rgatish imkoniyati yaratilgan.

– Fakultetda axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, amaliy matematika yo‘nalishlarida bakalavr, magistr, doktorantlar tayyorlash uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi Samarqand davlat universiteti intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakulteti dekani Fayzulla Nazarov. – Bino ramziy ma’noda Mirzo Ulug‘bek bobomizning rasadxonasiga qiyoslangan. O‘quv xonalari, kutubxona hamda ilmiy-amaliy laboratoriyalarda o‘qituvchi va tadqiqotchilar uchun barcha sharoit mavjud. 2025-2026 o‘quv yilidan ushbu zamonaviy binoda ming nafar talabamiz o‘qishni boshlaydi.

Prezidentimizning 2024 yil 14 oktyabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatimizning sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanuvchi dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kirishiga erishish vazifasi belgilangan. Shundan kelib chiqib, fakultetda sun’iy intellekt ilmiy laboratoriyasi tashkil etilgan bo‘lib, talabalar va yosh tadqiqotchilar ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilishga qaratilgan ilmiy ishlanmalar va yangi loyihalar ustida ish olib boradi. Shuningdek, kiberxavfsizlik, matematik modellashtirish, robototexnika laboratoriyalari ham mavjud.

Binoning ochilish marosimida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov so‘zga chiqib, professor-o‘qituvchilarni yangi o‘quv yili bilan qutladi. Yurtimiz oliy ta’lim tizimidagi yangilik va o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi. 

Shu yerda ramziy tugma bosilib, Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan respublikamizdagi 18 ta oliy ta’lim muassasasida qariyb 10 ming o‘rinli talabalar turarjoylari hamda o‘quv binolari ochildi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari