Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda mahallalar ixtisoslashtiriladi
12:17 / 2026-01-07

Samarqand viloyat hokimligida Prezidentimizning 2025 yil 27 dekabrdagi “Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini samarali tashkil etish masalasi mutasaddilar ishtirokida muhokama qilindi.

Qarorga muvofiq  viloyatda drayver loyihalarni amalga oshirish uchun manzilli dastur tasdiqlangan va har bir tuman, shahar o‘zining ixtisoslashuvi va qiyosiy afzalliklari asosida rivojlantiriladi, namunaviy va uslubiy hududga aylanadi.

– Qaror bilan viloyatimizni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishni zarur va barqaror infratuzilma bilan ta’minlash uchun shu yilning o‘zida 5,2 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi, – dedi viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sherbek Bo‘ronov. – Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2026-2028 yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 1,9 trillion so‘m, mahalla infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari uchun nazarda tutilgan 1,8 trillion so‘mga qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan 250 milliard so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, viloyat mahalliy byudjetiga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 100 million AQSH dollari ekvivalentidagi milliy valyutada foizsiz kredit mablag‘lari beriladi. Bu viloyatimiz uchun juda katta moliyaviy resurs va undan samarali foydalanishimiz lozim.

Mablag‘lar ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini modernizatsiya qilish, mahallalar, qishloq joylari, xizmat ko‘rsatish, turizm sohalarini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirishga sarflanadi. Jumladan, M–37 “Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining 11–207 kilometr qismi,  A–378 “Samarqand – G‘uzor” avtomobil yo‘lining 0–85 kilometr qismi,  D-065 (4R 46) “Samarqand shahar – Juma shahri – Kattaqo‘rg‘on shahri” avtomobil yo‘lining 0–65 kilometr qismi, Urgut tumani markazini boshqa hududlar bilan bog‘lovchi “Toyloq-Urgut” (12 km), “Bulung‘ur-Urgut” (20 km), “Samarqand–Ayniy” (10 km), tumandan o‘tuvchi M–39 “Toshkent–Termiz” avtomobil yo‘li (19 km), “Urgut–G‘o‘s–Avazmergan” (10 km) yo‘li rekonstruksiya qilinadi. 14 tuman va shaharda 1 ta podstansiya ta’mirlanadi, 70 ta transformator punkti o‘rnatiladi, 137 kilometr elektr tarmoqlari yangilanadi. 348 ta ijtimoiy soha muassasasini “yashil” tamoyillar asosida modernizatsiya qilib, 1036 ta geliokollektor o‘rnatish hamda energiya iste’moli yuqori bo‘lgan 3 mingta xonadonning energiya samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

2026 yil 1 iyuldan boshlab Samarqand viloyatida qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan to‘lanadigan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari to‘liq tuman (shahar) suv korxonalari ixtiyoriga o‘tkaziladi. Bunda ushbu soliq tushumlaridan tushadigan mablag‘ viloyatdagi ariq va kanallarni betonlashtirishga sarflanadi. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish maqsadida talabgorlarga paxta maydonlarida joriy etilgan tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun belgilangan tartibda har bir gektariga 12 million so‘m subsidiya beriladi.

Tuman va shaharlar markazlaridagi 150 mahallani bog‘lovchi gavjum ko‘chalar, sohil va yo‘l bo‘yida savdo, ko‘ngilochar va dam olish markazlari, turistik salohiyat yuqori bo‘lgan 19  mahallada mehmon uylari, turizmga xizmat ko‘rsatuvchi ob’ektlar tashkil etiladi. Chegara va olis hududlardagi 8  mahallada qishloq xo‘jaligi va kichik ishlab chiqarish kengaytiriladi. Xalqaro (tranzit) avtomobil yo‘llari bo‘ylaridagi 168 mahallada – “servis point” va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Umuman, qaror asosida viloyatdagi 1063 mahalladan 808 tasi o‘z salohiyatiga qarab ixtisoslashtiriladi.

Yig‘ilishda yirik investisiya va turizm loyihalari, jumladan, Samarqand tumanida eksport agrosanoat zonasini, “Urgut” erkin savdo zonasini yaratish, Urgut va Nurobod tumanlarida turizm klasterlarini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilinib, mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. Ushbu loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish yangi ish o‘rinlarini yaratish, xorijiy sayyohlar oqimini 5 millionga yetkazish va mintaqada barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash imkonini berishi ta’kidlandi.  

Muhokama yakunida barcha ko‘rsatmalar Ijro.gov.uz platformasiga kiritilgani qayd etilib, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, boshqarmalar va tashkilotlar rahbarlariga belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan oylik hisobot berib borish eslatildi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri