French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda “Mahalla axborot tizimi” elektron platformasi yaratildi
11:28 / 2023-01-25

Samarqand viloyatidagi mahallalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga o‘tgan yil, ya’ni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da alohida e’tibor qaratilgan edi. Yil davomida 200 ta mahalla binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Bu yil esa viloyatda mahallalar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.  

– Bugun mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotga o‘tish, barcha soha va tarmoqlarda zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Samarqand viloyati mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov. – Biz ham shundan kelib chiqib, viloyatdagi 1126 ta mahalla uchun “Mahalla axborot tizimi” elektron dasturini tayyorladik. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – avvalo, tizimda mahalla, tuman, shahar va viloyat darajasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazish. Shuningdek, mahalla haqidagi barcha zarur ma’lumotlarning bitta elektron tizimda bo‘lishiga erishish va istalgan vaqtdan undan foydalanish imkoniyatini yaratish, turli xil ma’lumot va hisobotlarni tayyorlash, ulardagi raqamlarning aniq bo‘lishini ta’minlash, ortiqcha vaqt sarfiga chek qo‘yish ko‘zda tutilgan.  

Yana bir muhim tomoni elektron platforma orqali fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va uning natijasini ko‘rib borish imkoniyati yaratilgan. Mahalla raislarining xonadonbay muammolarni o‘rganishi, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga ko‘maklashish, maktab bilan hamkorlik, ota-onalar bilan ishlash, mahallada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ham tizimda o‘z aksini topadi. Mazkur tizim mahalla raislarining kunlik, haftalik va oylik faoliyatini to‘liq o‘zida ifodalaydi. Mazkur dasturni kelgusida yanada takomillashtirish orqali mahalladagi beshlikni to‘liq qamrab olgan holda viloyatdagi 750 mingdan ortiq xonadonning har biri to‘g‘risida ma’lumotlarni kiritish va shunga qarab ularga manzilli yordam ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.  

Shu kunlarda viloyat tuman va shaharlarida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va xodimlariga yangi platformada ishlash bo‘yicha o‘quv seminarlar o‘tkazilmoqda.  

 

G‘.HASANOV,

O‘zA