Shu kunlarda Samarqand shahrida “Artefaktlarni boshqarish – mahalliy texnik ta’lim dasturi” doirasida “Boshlang‘ich konservatsiya va topilmalarni nazorat qilish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur yig‘in O‘zbekiston Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand arxeologiya instituti hamda Janubiy Koreyaning Madaniy meros agentligi o‘rtasida 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan “Samarqand viloyati hududlarining madaniy merosi va turizm resurslari salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida tashkil etilmoqda.

Konferensiyaning asosiy maqsadi — yurtimiz hududida aniqlangan arxeologik topilmalarni ilmiy asosda dastlabki konservatsiyadan o‘tkazish, ularni saqlash va nazorat qilish jarayonlarini takomillashtirish hamda ushbu yo‘nalishda xalqaro tajriba almashuvini ta’minlashdan iborat.
Tadbirda o‘lkamizning qator ilmiy va madaniy muassasalaridan jumladan, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Xorazm Ma’mun akademiyasi, I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Shahrisabz davlat muzey-qo‘riqxonasi, Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda boshqa tashkilotlardan yetakchi mutaxassislar ishtirok etmoqda.

Anjuman doirasida xorijiy ekspertlar ishtirokida nazariy ma’ruzalar, amaliy seminar-treninglar, laboratoriya mashg‘ulotlari va artefaktlarni saqlash bo‘yicha ilg‘or metodikalar namoyishi tashkil etilgan.
Ishtirokchilar arxeologik meros ob’ektlarini muhofaza qilish, ularni madaniy turizm infratuzilmasiga integratsiya qilish imkoniyatlarini muhokama qilmoqdalar.
Qayd etish kerak, mazkur xalqaro tashabbus mamlakatimizda madaniy meros ob’ektlarini saqlash, ularni o‘rganish va jahon ilmiy hamjamiyati bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim bosqich bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zA