Joriy yilda faoliyat boshlagan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti delegatsiyasining yaqinda Koreya Respublikasiga safari davomida ana shunday kelishuvga erishildi.
Universitet axborot xizmatining ma’lum qilishicha, rektor Yusuf Abdullayev Janubiy Koreyaning qator yetakchi ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzoladi. Xususan, Xanguk xorijiy tillar universiteti, Koreya ilg‘or ilm-fan va texnologiyalar instituti, Koreya yashil texnologiyalar markazi, Songyungvan universiteti Quyosh energiyasi tadqiqotlari instituti direktori, Ipak yo‘li universitetlar tarmog‘i, Osiyo madaniyati va taraqqiyoti instituti rahbariyati va boshqa qator ekspert, mutaxassislar bilan muloqotlar o‘tkazildi.
– Ushbu memorandumlar asosida universitetimizda texnologik injiniring, “yashil” energetika, axborot-texnologiyalari, koreys tili yo‘nalishlarida Janubiy koreyalik hamkorlar bilan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi, – dedi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori Yusuf Abdullayev. – Shuningdek, universitet qoshida Koreya texnologiya va madaniyat kollejini ochishga kelishib oldik. 2023 yil yanvaridan faoliyat boshlaydigan mazkur kollejda “yashil” energetika (qayta tiklanuvchi energiya), axborot-texnologiyalari dasturchilarini tayyorlash, dizayn (sanoat, iqtisodiyot, qurilish dizaynerligi) va koreys tili bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Osiyo madaniyati va taraqqiyoti instituti ushbu kollejni malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlash vazifasini o‘z zimmasiga oldi. Kollejga Ipak yo‘li universitetlar tarmog‘i direktori Xvang Sung Don rahbarlik qiladi.
G‘.HASANOV, O‘zA