Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda kiberfiribgarlik bo‘yicha har kuni 30 dan ortiq shikoyat kelib tushmoqda (+video)
14:55 / 2025-11-25

Noyabr oyining mamlakatimizda “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” sifatida belgilanishi bugungi raqamli hayot uchun nihoyatda dolzarb tashabbus sanaladi. Shu doirada Samarqand viloyatida keng ko‘lamli targ‘ibot va profilaktika ishlari olib borilib, turli ta’lim muassasalari va tashkilotlarda kibermadaniyat bo‘yicha uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Dastlab, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida o‘tkazilgan matbuot anjumanida kiberxavfsizlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va internetdan oqilona foydalanish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, IIB tomonidan ishlab chiqilgan “Samcyber_102” ilovasi ham taqdim etilib, uning yordamida foydalanuvchilar o‘z Telegram akkauntlarining xavfsizlik darajasini tekshirishi mumkinligi ma’lum qilindi. 

Shuningdek, Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida ichki ishlar organlari xodimlari o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashib, kengayib borayotgan kiberfiribgarlik turlari haqida batafsil tushuntirish berdi. Ularga shubhali “APK” fayllar, yolg‘on qo‘ng‘iroqlar, noma’lum ilovalar va zararli havolalardan ehtiyot bo‘lish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. 

Adliya boshqarmasida videomuloqot shaklida o‘tkazilgan navbatdagi profilaktika tadbirida mutaxassislar ishtirokchilarni internet orqali “to‘y taklifnomasi”, “sud qarori”, “yutuq sovrindori bo‘ldingiz” kabi ko‘rinishda yuborilayotgan virusli fayllar va havolalar orqali amalga oshirilayotgan firibgarlik usullari haqida ogohlantirdi. 

Samarqand davlat universitetida o‘tkazilgan uchrashuv esa kibermadaniyatning amaliy jihatlariga bag‘ishlandi. Talabalarga ikki bosqichli parol o‘rnatish, shubhali treyderlar va soxta investitsiya platformalaridan ehtiyot bo‘lish, onlayn to‘lovlarni amalga oshirishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishning ahamiyati tushuntirildi. 

 Mutaxassislarning ta’kidlashicha, viloyat bo‘yicha IIBga har kuni o‘rtacha 30–35 ta kiberfiribgarlik bilan bog‘liq murojaat kelib tushadi. Shundan virusli fayllar, soxta internet-do‘konlar, noma’lum havolalar va akkauntlar o‘g‘irlanishi eng ko‘p uchrayotgan holatlar sirasiga kiradi. 

Shu bois internetdan foydalanishda hushyor bo‘lish, tasdiqlash kodlarini hech kimga bermaslik, shubhali havolalarni ochmaslik, noma’lum ilovalarni yuklamaslik va ijtimoiy tarmoqlarda ikki bosqichli himoya tizimini yoqish bo‘yicha oddiy qoidalarga amal qilish zarur. 

Samarqand viloyatida o‘tkazilayotgan ushbu uchrashuvlar va amaliy mashg‘ulotlar “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi”ning muhim qismi bo‘lib, ularning asosiy maqsadi aholining raqamli savodxonligini oshirish, firibgarliklarning oldini olish va fuqarolarning raqamli makonda xavfsiz bo‘lish ko‘nikmasini mustahkamlashdan iborat.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/s8uuq83wuA8" title="Samarqandda kiberfiribgarlik bo‘yicha har kuni 30 dan ortiq shikoyat kelib tushmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

M.Eshmirzayeva, U.To‘xtayev, O‘zA