Bu haqda Samarqand viloyati sudi va ma’muriy ishlar bo‘yicha viloyat hamda tumanlararo sudlarining joriy yil birinchi chorakdagi faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Viloyat sudi raisi O.Hayitovning ta’kidlashicha, hisobot davrida viloyat, tuman va shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 1239 nafar shaxsga nisbatan 997 ta jinoyat ishlari ko‘rib tamomlangan. Shundan 737 ta ish bo‘yicha 947 nafar shaxsga nisbatan hukm chiqarildi. 287 nafar shaxsga nisbatan 256 ta ishlar tugatildi.
Ko‘rib tamomlangan ishlarda ayblangan shaxslarning 109 nafarini ayollar (shundan 18 nafari muqaddam sudlangan) hamda 787 nafarini erkaklar (shundan 175 nafari muqaddam sudlangan) tashkil etadi.
Sudlanganlarning 209 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 327 nafariga ozodlikni cheklash, 259 nafariga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. 93 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilindi.
Shu davrda viloyat sudlarining barcha instansiyalarida
3 ta jinoyat ishi bo‘yicha 5 nafar shaxs oqlandi. 251 ta jinoyat ishi taraflarning yarashganliklari munosabati bilan tugatilib, 280 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi.
Jinoyat ishlarini sudda ko‘rishda keng jamoatchilikni jalb qilgan holda mahalla, yoshlar, xotin-qizlar kengashi vakillarining jamoat himoyachisi sifatida ishtiroki ta’minlanib, mahalla fuqarolar yig‘inlari kafilligi asosida 57 nafar va yoshlar ishlari agentligi kafilligi asosida 9 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Hisobot davrida sudlarga ma’muriy ishlar bo‘yicha 13147 nafar shaxsga nisbatan 9990 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar birinchi instansiyaga kelib tushgan. Ko‘rib tamomlangan 5514 ta ma’muriy ishlar bo‘yicha 6597 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash haqida qaror chiqarildi.
– Yilning birinchi choragi davomida fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati va tumanlararo, tuman (shahar) sudlari birinchi instansiyasida 7758 ta fuqarolik ishlari ko‘rildi. Shundan 5862 ta da’vo qanoatlantirildi, 1118 ta da’vo rad qilindi, 505 ta ariza ko‘rmasdan qoldirildi, 273 ta ish yuritishdan tugatildi, – dedi O.Hayitov. – Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati hamda shahar, tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan esa 2258 ta ishlar mazmunan ko‘rilib hal etildi. Xususan, 2015 ta da’vo qanoatlantirildi, 164 tasi rad qilindi, 48 ta ariza ko‘rmasdan qoldirildi, 31 ta ish yuritishdan tugatildi. Iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib hal etilib, da’vosi qanoatlantirilgan ishlar bo‘yicha da’vogar (arizachi)lar foydasiga 109 milliard 723 million so‘m undirish haqida sud hujjatlari qabul qilindi.
Ma’muriy ishlar bo‘yicha Samarqand viloyati sudi raisi vazifasini bajaruvchi R.Ochilovning qayd etishicha, viloyat hamda tumanlararo ma’muriy sudlari tomonidan birinchi chorak davomida ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 306 ta ma’muriy ishlar ko‘rib, tamomlangan. Bu ishlarning 99 tasi qanoatlantirilib, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari tiklandi. 165 ta ish rad etildi, 16 tasi ish yuritishdan tugatildi, 26 tasi ko‘rmasdan qoldirildi.
Ko‘rib tamomlangan ishlarning 209 tasi mahalliy hokimliklarga oid bo‘ldi va ularning 34 tasi qanoatlantirildi. 22 tasi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga oid bo‘lib, bu ishlarning 18 tasi qanoatlantirildi.
Matbuot anjumanida viloyat sudining jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atlari raislari ham o‘tgan davrga kassatsiya instansiyasida ko‘rilgan ishlar haqida ommaviy axborot vositalari vakillariga ma’lumot berdi.
G‘.HASANOV, O‘zA