Ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qish istagida bo‘lgan 130 nafar talabgor Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan sinovlarda ishtirok etdi va eng yuqori ball to‘plagan 60 nafar o‘quvchi saralab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 oktyabrdagi “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2023 yilga qadar Samarqand viloyatining har bir tumanida informatika va axborot texnologiyalarini o‘qitishga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ushbu sohada puxta bilimga ega va qobiliyatli yoshlarni tayyorlash vazifasi belgilangan.
Kecha Samarqand shahrida informatika va axborot texnologiyalarini o‘qitishga ixtisoslashtirilgan ilk davlat umumta’lim maktabi zamon talablari asosida jihozlanib, foydalanishga topshirildi.
Ta’lim muassasasining ochilishida xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari R.Karimjonov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari J.Maxsudov ishtirok etib, Prezidentimizning ushbu xayrli tashabbuslarini keng hayotga tatbiq etishda barcha birdek mehnat qilishi, yoshlar kamoloti, mamlakat ravnaqi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatishi lozimligini ta’kidladi. Yoshlarni bu imkoniyatdan keng foydalanishga, IT sohasini puxta egallashga hamda jahonda yetakchi dasturchilar qatorida e’tirof etilib, el-yurtga nafi tegadigan, xalqparvar insonlar bo‘lib yetishishga chaqirishdi.
Ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qish istagida bo‘lgan 130 nafar talabgor Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan sinovlarda ishtirok etdi va eng yuqori ball to‘plagan 60 nafar o‘quvchi saralab olindi.
Tadbir davomida mehmonlar maktabda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, o‘quvchilar tomonidan yaratilayotgan dasturlar, robototexnika yo‘nalishining iqtidorli o‘quvchilari kashfiyotlari bilan yaqindan tanishib, ularga o‘z tavsiyalarini berishdi.
Shuningdek, bir guruh o‘quvchi va o‘qituvchilarga diplom va sertifikatlar, esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘.HASANOV, O‘zA