Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda ilk bor jigar transplantatsiyasi amaliyoti bajarildi
09:53 / 2022-08-12

Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida birinchi marotaba markaz transplantologlari va Samarqand davlat tibbiyot universiteti xodimlari bilan hamkorlikda jigar transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazildi.

1965 yilda tug‘ilgan bemor Saodat Lapasova jigar sirrozi, subkompensatsiya bosqichi bilan kasallangan bo‘lib, unga 1987 yilda tug‘ilgan qizi Nafisa Qurbonova donorlik qilgan.

9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan operatsiya 13 soat 20 daqiqa davom etgan. Operatsiyada 25 nafarga yaqin tibbiyot xodimlari ishtirok etdi. Xususan, 8 nafar vrach transplantolog, 5 nafar vrach anesteziolog, 2 nafar transfuziolog, 5 nafar operatsion hamshira, 5 nafar anestezistka hamshira ishtirok etdi.

– Biz murakkab amaliyotni muvaffaqiyatli yakunladik. Bu Samarqand tibbiyotida yana bir yangilik bo‘ldi, – deydi Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori, Samarqand davlat tibbiyot universiteti kafedra mudiri Lutfullo Maxmonov. – Jigar transplantatsiyasi amaliyotini bajarishga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Buning uchun xodimlarimiz Moskva, Qozon, Kiyev, Istanbul, Anqara shaharlarida malaka oshirib keldi. Qolaversa, Akademik Vohidov nomidagi Respublika xirurgiya ilmiy amaliy markazining professor xodimlari bizni qo‘llab quvvatladi.

Alohida ta’kidlash joizki, markazlashgan holda va viloyat hokimligining erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan inson organlarini ko‘chirib o‘tish amaliyotlari uchun markazimizga 10 mlrd. so‘mlik tibbiy asbob-uskunalar olib kelib o‘rnatildi.

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, bemorda jigar sirrozi, subkompensatsiya bosqichi edi. Mazkur amaliyot muvaffaqiyatli o‘tdi. Hozirgacha bo‘lgan tekshiruv natijalarning barchasi ijobiy. Eng muhimi, endi markaz mutaxassislari bu kabi operatsiyalarni bemalol bajara olishadi.

 

M.Qosimova, O‘zA