Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida viloyat tibbiyotida birinchi marta markaz transplantologlari va Samarqand davlat tibbiyot universiteti xodimlari hamkorligida jigar transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazildi.
1965 yilda tug‘ilgan bemor S.L. jigar sirrozi, subkompensatsiya bosqichi bilan kasallangan bo‘lib, unga 1987 yilda tug‘ilgan qizi N.K. donorlik qildi.
9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan operatsiya 13 soat 20 daqiqa davom etdi. Operatsiyada 8 nafar vrach transplantolog, 5 nafar vrach anesteziolog, 2 nafar transfuziolog, 5 nafar operatsion hamshira, 5 nafar tibbiyot hamshirasi ishtirok etdi.
– Biz murakkab amaliyotni muvaffaqiyatli bajardik va bu Samarqand tibbiyotida yana bir yangilik bo‘ldi, - deydi Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori, Samarqand davlat tibbiyot universiteti kafedra mudiri Lutfullo Maxmonov.
– Jigar transplantatsiyasi amaliyotini bajarishga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Buning uchun xodimlarimiz Moskva, Qozon, Kiyev, Istambul, Anqara shaharlarida malaka oshirib keldi. Qolaversa, akademik V.Voxidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi xodimlari bizni qo‘llab-quvvatladi.
Ta’kidlash joiz, inson organlarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotlarini bajarish uchun mazkur markazga viloyat mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan 10 milliard so‘mlik tibbiy asbob-uskunalar olib berildi. Bu esa markazda murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyatlarini kengaytirdi.
G‘.Hasanov, O‘zA