Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda hokim yordamchilari ko‘magida 276 ming nafar fuqaro ishli bo‘ldi
09:40 / 2022-11-23

Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov ishtirokida mahallalardagi hokim yordamchilarining faoliyatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida shular haqida batafsil ma’lumot berildi.

– Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha bu yil oldimizga juda katta vazifa qo‘yilgan, – dedi J.O‘roqov. –  – 635 ming kishining bandligini ta’minlashimiz kerak.  O‘n oy davomida 609 mingga yaqin yurtdoshimiz yangi ochilgan yoki vakant ish joylariga joylashdi, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi, dehqonchilik qilishi uchun yer berildi. Shuningdek, shu paytgacha nolegal ishlaganlarning ish o‘rni legallashtirildi. Birgina xizmatlar sohasida 187 ming fuqaroning bandligi ta’minlandi. Jumladan, hokim yordamchilari sa’y-harakati bilan 83 ming fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 13 mingga yaqin fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 137 ming fuqaro o‘zini-o‘zi band qilishiga erishildi, 11 ming fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish boshladi. 32 ming nafar ishsiz kishilar esa ijara asosida yer olib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi.  

Hokim yordamchilari tavsiyasi asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 36 ming nafar fuqaroga 785,8 milliard so‘mlik imtiyozli kredit, shuningdek, 8,8 ming nafar ishsiz, kam ta’minlangan aholiga 9,1 milliard so‘m subsidiya ajratildi. J.O‘roqovning ta’kidlashicha, shu paytgacha viloyatdagi 1126 mahallada ish boshlagan hokim yordamchilarining 80 nafarga yaqini almashdi. Jumladan, 6 nafari yuqori lavozimga o‘tgan bo‘lsa, ko‘pchiligi ushbu vazifaga noloyiqligi sababli ishdan olingan. bugungi kunda 18 mahallada hokim yordamchisi o‘rni vakant hisoblanadi va bu joylar uchun tanlov e’lon qilingan.  

– Bu tizim o‘tgan yil viloyatda sinov tarzida joriy etilgan va ma’lum tajriba, ko‘nikma bor edi, – dedi J.O‘roqov. – Biroq 1126 mahallaga yangi kadr qo‘yish, ularning ishini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash oson bo‘lmadi. Shuning uchun kamchiliklar ko‘zga tashlandi, tizimga adashib kelib qolganlar uchradi. Ammo shunga amin bo‘ldikki, qayerda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va yordamchi birgalikda ishlayotgan, bir-biriga yordam berayotgan bo‘lsa, o‘sha yerda ish samarasi ko‘rinmoqda, natija bo‘lmoqda. Yordamchi “men hokimlik vakiliman”, deb o‘zini baland tutgan, oqsoqol “mahallaning egasi menman” deb yurgan joylarda yutqazgan aholi bo‘ldi. Albatta, bunday holatlarga o‘z vaqtida chek qo‘yilmoqda. Mahalladagi “beshlik”, ya’ni rais, yordamchi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori bir jamoa bo‘lib faoliyat ko‘rsatishi kerak va buni ularning o‘zi ham anglamoqda.  

Matbuot anjumani davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga hokim o‘rinbosaridan javoblar oldi.  

G‘.HASANOV,  

O‘zA