Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda hamkorlikni kengaytirish uchun ochilgan yangi istiqbollar
16:43 / 2025-04-08

O‘tgan hafta dunyo davlatlari, xalqaro tashkilot va yetakchi ekspertlar hamda nufuzli ommaviy axborot vositalari nigohi O‘zbekistonga qaratildi. 3-4 aprel kunlari Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston uchun xalqaro siyosiy maydonda muhim burilish nuqtasiga aylanuvchi birinchi rasmiy Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi sammiti o‘tkazildi.

Ushbu sammit Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo munosabatlarida yangi sahifa ochdi. Zero, global muammolar va yirik o‘yinchilarning Markaziy Osiyoga qiziqishi ortib borayotgan bir sharoitda Yevropa Ittifoqi barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik va sarmoyaviy jozibadorlik tamoyillari asosida mintaqa bilan hamkorlikni kengaytirishga intilishini namoyish etib, ikki mintaqa hamkorligi strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. O‘zbekiston uchun mazkur sammit Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, sarmoya va texnologiyalarni jalb qilish, jahon miqyosida o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun noyob imkoniyat bo‘ldi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Aytish joizki, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoning uchta asosiy tashqi savdo hamkorlaridan biridir. Bundan tashqari, mintaqa mamlakatlariga yo‘naltirilgan barcha sarmoyalarning 40 foizdan ortig‘i Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Kezi kelganda aytish joizki, bu qiziqishning yana bir asosiy sabablaridan biri dunyoda davom etayotgan geosiyosiy beqarorlikdir. Xalqaro maydonda global o‘yinchilar o‘rtasidagi qarama-qarshilik Markaziy Osiyo kabi mintaqalarga qiziqishni oshirmoqda. Gap shundaki, biz bir vaqtning o‘zida Rossiya Federatsiyasi va Xitoy Xalq Respublikasi kabi yirik davlatlar o‘rtasidamiz. Yevropa Ittifoqi yana bir global o‘yinchi sifatida Markaziy Osiyo o‘zining hozirgi status-kvosini saqlab qolishi, chetda qolishi va “kuch markazlari”ga qo‘shilishga intilmasligidan manfaatdor. Tabiiyki, Yevropa Ittifoqi uchun bu boradagi eng yaxshi strategiya o‘z investitsiya loyihalari, savdo hamkorliklari va o‘zining siyosiy kafolatlarini taklif qilishdir. Shu nuqtai nazardan, muhim tadbirning aynan yurtimizda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada oshirdi. Sammitga mezbonlik O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi davlat sifatidagi o‘rnini mustahkamladi. Mamlakat tashqi siyosatining ochiq, pragmatik va muloqotga tayyor ekanini ko‘rsatdi. 

Markaziy Osiyo jahon siyosatining muhim geosiyosiy o‘yinchisi va sub’ektiga aylanmoqda. Shu ma’noda, 27 a’zoni o‘zida birlashtirgan, 450 milliondan ziyod aholiga ega Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro siyosiy va iqtisodiy kuchlar bilan muloqotda teng huquqli sherik sifatida ishtirok etish O‘zbekistonning diplomatik salohiyatini mustahkamlaydi. Ayni sababdan Samarqandda o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti xalqaro munosabatlar tizimida muhim voqea sifatida baholanmoqda. U nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlaydi, balki mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy o‘sish va siyosiy hamkorlik uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. 

Yevropa Ittifoqi uchun Markaziy Osiyo muhim hamkor. Shu o‘rinda tarixga murojaat qilsak, oliy darajadagi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi“ formatini yo‘lga qo‘yish tashabbusi 2022 yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishelning Ostonadagi uchrashuvi chog‘ida ilgari surilganini alohida ta’kidlash kerak. Bu tashabbus O‘zbekistonning tashqi siyosiy doktrinasiga mos bo‘lib, unda Markaziy Osiyoni birlashtirish, shuningdek, mintaqada barqaror rivojlanishga, shu jumladan, samarali xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali erishishga qaratilgan sa’y-harakatlar ustuvor hisoblanadi.

Samarqand sammitida umumiy yo‘nalish va ustuvorliklar belgilandi. Bu savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlash, toza energiya, o‘ta muhim xom ashyo resurslari, transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish, suv resurslaridan samarali foydalanish va boshqa sohalarni qamrab oladi. Yevropa Ittifoqining investitsiya strategiyasi – “Global Gateway” muhokama markazida bo‘ldi, chunki hamkorlikdan ikkala mintaqa ham manfaatdor. U 2027 yilgacha butun dunyo bo‘ylab 300 milliard yevrolik davlat va xususiy investitsiyalarni jalb etish, barqaror o‘sishni qo‘llab-quvvatlash, raqamli, energetika, transport o‘zaro aloqadorligini mustahkamlash, shuningdek, ilmiy-tadqiqot tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan. Global Gatewayda Yevropa Ittifoqi bilan ishtirok etish nafaqat investitsiyalarni jalb qilish imkoniyati, balki Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi kabi loyihalar doirasida tranzit salohiyatini mustahkamlash vositasidir.

Samarqandda bo‘lib o‘tgan munozaralarda kommunikatsiyalar, muhim xomashyo sohasidagi hamkorlik, atrof-muhit muammolari, suv resurslari, iqlim o‘zgarishi va albatta, yaqin atrofimizdagi xavfsizlik vaziyati bo‘yicha hamkorlik masalalari qamrab olindi. Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar, shuningdek, jahon hamjamiyati yashil iqtisodiyotga o‘tish bilan bog‘liq iqlim maqsadlariga erishishga intilmoqda. Bu borada Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston ham o‘z majburiyatlarini olgan. Mazkur global muammo va uni birgalikda hal qilish uchun qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish zarur. Buni XX asrning nefti deb atash to‘g‘riroq bo‘lardi. XXІ asrda biz muhim xom ashyo deb ataydigan narsa yangi muhim sanoat hisoblanadi. 

Yevropaliklar nazarida mintaqamizda ishchi kuchi, eng muhimi, yuqori malakali va bilimli ishchi kuchi bor. Markaziy Osiyoda yerdan qazib olinadigan va yetishtiriladigan xom ashyo bor. Sanoat tovarlari va to‘qimachilik, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari ham shular jumlasidan. Yevropa bozorlariga chiqishi mumkin bo‘lgan va kerak bo‘lgan mahsulotlar mavjud. Shu bois Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo kelajagi juda porloq. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoning har bir davlati, shuningdek, butun mintaqa bilan juda yaxshi hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Markaziy Osiyo o‘zini yaxlit mintaqa sifatida namoyon etsa, bu yanada samarali bo‘ladi. Ya’ni Markaziy Osiyoning ichki integratsiyalashuvi ulkan imkoniyatlarni namoyon etadi. Yevropa Ittifoqi 70 yildan ko‘proq vaqt oldin ko‘mir va po‘lat ittifoqi sifatida boshlangan holda hozirgi kunda dunyodagi eng qudratli iqtisodiy va siyosiy bloklardan biriga aylandi. Markaziy Osiyo ham kelajakda shunday kuchga aylanishi mumkin. 

Sammitda Markaziy Osiyo uchun “Team Europe” tashabbusi doirasidagi investitsiya paketi e’lon qilindi. Ushbu muhim hujjat to‘rt asosiy yo‘nalishga qaratilgan. Transport, o‘ta muhim xom ashyo resurslari, raqamli tarmoq, suv va energiya transporti bog‘liqligini rivojlantirish. 2024 yil o‘tkazilgan Investorlar forumida YeI va xalqaro hamkorlar Kaspiy dengizi orqali o‘tadigan transport yo‘lagi uchun 10 milliard yevro ajratishga va’da berdi. Bu yil Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi bilan bir vaqtda ikkinchi Investorlar forumi o‘tkaziladi. Shuningdek, o‘ta muhim xom ashyo resurslari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish va aniq investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilgan. Ayni yo‘nalishda Markaziy Osiyoda mahalliy sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mintaqada iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirish maqsad qilingan. 

Ta’lim sohasida ham hamkorlik istiqboli porloq. Oxirgi 10 yil ichida “Erasmus+” dasturi doirasida 10 000 talaba va mutaxassis Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi almashinuvda qatnashdi. Bugungi kunda O‘zbekiston ta’lim va kadrlar almashinuvi sohasida ham Yevropa Ittifoqining yetakchi davlatlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Hozirda Toshkent shahrida Italiyaning Turin politexnika universiteti, Germaniyaning Gyote instituti filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Qolaversa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mart oyida Fransiyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida O‘zbekiston – Fransiya universitetini tashkil etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim hamda fransuz tilini o‘qitishni kengaytirish to‘g‘risida bayonnoma imzolangan edi. Shu bois, ta’lim, fan va yoshlar siyosatini rivojlantirishda ham sammit doirasida samarali platformalar yaratish ko‘zda tutildi. Misol uchun Erasmus+, Horizon Europe kabi dasturlarda O‘zbekiston ishtirokini kengaytirish, ta’lim va kadrlar tayyorlash, akademik almashinuvlar, til o‘rganish va innovatsion tadqiqotlar sohalarida Yevropa Ittifoqi tajribasi shular jumlasidandir.

Endi “yashil” va raqamli o‘zgarishlar hamkorlik markazida turibdi. Markaziy Osiyo toza texnologiyalar uchun eng zarur xom ashyo resurslariga, ulkan salohiyatga ega. Yevropa faqat xom ashyoni olib ketish emas, balki to‘liq qiymat zanjirini yaratish, ya’ni qazib olishdan qayta ishlash va qayta tiklashgacha bo‘lgan jarayonni shakllantirishni maqsad qiladi. Bu esa mahalliy ish o‘rinlari yaratish, yuqori ekologik va ijtimoiy standartni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda O‘zbekiston va mintaqadagi boshqa davlatlar qayta tiklanuvchi energetika salohiyatini faol kengaytirmoqda. Masalan, mamlakatmizda faoliyat yuritayotgan 14 ta yangi quyosh va shamol elektr stansiyalariga qo‘shimcha ravishda umumiy quvvati 24 ming megavatt bo‘lgan 50 dan ortiq shunday loyihani amalga oshirish maqsadlari haqida davlatimiz rahbari “Euronews”ga bergan intervyusida to‘xtalib o‘tdi. Boz ustiga, yaqin besh yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu issiqxona gazlari chiqishini qariyb 16 million tonnaga qisqartirish imkonini beradi va O‘zbekiston Parij kelishuvi doirasida issiqxona gazlari chiqindisini 35 foizga kamaytirish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarning muddatidan oldin bajarilishiga imkon beradi. 

Xavfsizlik ham ustuvor masalalardan biri. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni chuqurlashtiradi, xavfsizlik bo‘yicha maxsus muloqotni yo‘lga qo‘yadi. Hududiy xavfsizlikni ta’minlash Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun har doim ustuvor yo‘nalish bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Shu sababli, 2023 yilda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasida bu sohadagi hamkorlikning yangi kun tartibini ekspertlar muhokamasiga olib chiqish vazifasi kun tartibiga qo‘yildi. Ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyo ham, Yevropa Ittifoqi ham xavfsizlik sohasida, jumladan, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilikka, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash masalalarida umumiy tahdid va xatarlarga duch kelmoqda. Shu nuqtai nazardan, Yevropa Ittifoqi bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik o‘zaro munosabatlarimizning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. 

Markaziy Osiyo nafaqat Yevropa tomonidan talab, balki almashtirib bo‘lmaydigan hamkorga aylanib bormoqda. Germaniya va Fransiya kabi Yevropaning yirik davlatlari Markaziy Osiyo bilan ikki tomonlama darajada almashuvini kuchaytirmoqda va Yevropa Ittifoqining boshqa a’zolari o‘rtasida ikki tomonlama kelishuvlar soni sezilarli darajada oshdi. So‘nggi yillarda Fransiya va Germaniya asosiy e’tiborni Qozog‘iston va O‘zbekistonga qaratgan. Bu borada Ostona va Toshkent Yevropaga ko‘p narsalarni taklif qiladi. 

Birinchi sammit yakunida ikki mintaqa o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatishni nazarda tutuvchi Qo‘shma deklaratsiya va o‘ta muhim minerallar sohasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilinishi sammitning asosiy natijalaridan biri bo‘ldi. Bu hujjat tomonlarning strategik sheriklik o‘rnatishga bo‘lgan umumiy intilishini aks ettirdi. Deklaratsiya nafaqat erishilgan kelishuvlarni mustahkamlaydi, balki mintaqalarimiz o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish uchun asos yaratadi. 

Abdurafiq Hoshimov, 

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya 

universiteti huzuridagi Diplomatiya akademiyasi kafedra mudiri.