Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev bilan uchrashuvda Fransiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Ualid Fuk ana shunday taklif bildirdi.
Elchi Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan Alliancye française tashkiloti fransuz tili va madaniyatiga qiziquvchi mahalliy aholi, ayniqsa, yoshlarga bu borada yaqindan ko‘mak berayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, elchi tashkilot joylashgan binodan foydalanishda ayrim imtiyozlar berilishi masalasida viloyat rahbaridan ko‘mak so‘radi.

Ualid Fuk Samarqand shahridagi fransuz tiliga ixtisoslashgan maktab faoliyatini alohida e’tirof etib, ushbu maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari Fransiya ta’lim muassasalari hamda ilmiy tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda ishlayotganidan mamnunligini bildirdi. Viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham fransuz tiliga ixtisoslashgan shunday maktablar tashkil etilsa, ularni o‘quv-uslubiy adabiyotlar bilan ta’minlashda yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Muloqot davomida hududlararo savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Oliy ta’lim va tibbiyot sohalarida kadrlar tayyorlash borasida hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan ham fikr almashildi.
A.Boboyev Samarqandda xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganini ta’kidlab, fransuz kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va tajriba almashishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirib, amaliy qadamlarni belgilab olishga kelishib olishdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri