Fuqarolarning davlat xizmatlaridan yanada qulay foydalanishlari uchun ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bu borada Samarqand viloyatida qilinayotgan ishlar, imkoniyatlar ko‘lami, yaratilayotgan shart-sharoitlar tahsinga sazovor. Endilikda mazkur qulayliklar qatoriga yana biri qo‘shildi.
Ya’ni, davlat xizmatlari markazlari yoki FHDYO bo‘limlari orqali davlat xizmatlaridan foydalanganda fuqaro to‘lovlarni amalga oshirishda bank kassalarini qidirmaydi yoki ularda navbat kutmaydi. Chunki markazlar va FHDYO organlarida o‘rnatilgan maxsus to‘lov vositasi yordamida barcha harakatlarni amalga oshirishlari mumkin.
Ushbu qurilmaning afzalligi nimada? Aytish kerakki, u orqali davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar ham naqd pulda, ham plastik karta orqali to‘lov qilishadi. Komissiya xizmati faqatgina 1 foiz miqdorida. Shuningdek, qurilma yordamida to‘lovlar bilan bog‘liq boshqa xizmatlardan ham shu yerning o‘zida foydalanish imkoniyati mavjud. Qaytim bilan bog‘liq masalalar ham bu jarayonda alohida e’tiborga olingan. Aytaylik, siz 10 ming so‘m to‘lov talab etiladigan davlat xizmatidan foydalandingiz va zarurat tufayli 20 ming so‘m kiritdingiz. Bunda ortiqcha pulingiz xohishingizga ko‘ra telefon raqamingizga yoki plastik kartangizga o‘tkaziladi.
Bugungacha 1 ta FHDYO bo‘limi va 8 ta Davlat xizmatlari markazida ana shunday maxsus to‘lov qurilmalari o‘rnatilgan bo‘lib, yana 10 ta to‘lov qurilmalari bosqichma-bosqich o‘rnatilishi belgilangan.
Mazkur qulaylik poytaxtdan keyin viloyatlar kesimida birinchilardan bo‘lib Samarqandda ishga tushirilmoqda.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi