Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda “CITES CoP20” tadbirlari boshlandi
19:13 / 2025-11-23

O‘zbekiston yo‘qolib borayotgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdoni tartibga solish to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) monlar konferensiyasining 20-sessiyasiga (CITES CoP20) rasman mezbonlik qilmoqda.

Bugun tadbirlar o‘tkaziladigan Samarqand xalqaro turizm markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov va CITES Bosh kotibi Ivonn Iguyero xonim ishtirokida
BMT va O‘zbekiston respublikasi davlat bayroqlari ko‘tarildi.

Kunning ikkinchi yarmida xalqaro forum doirasidagi ilk sessiya “CITES CoP20" konferensiyasining strategik ta’sirini oshirish. Siyosatdan amaliyotga: yovvoyi hayvonlar bilan bog‘liq tartibga solinadigan savdo sohasida monitoring, moliyalashtirish va amaliy choralar” mavzusida o‘tkazildi.

Samarqandda mazkur konferensiyaning o‘tkazilishi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, mamlakatning yovvoyi tabiatni asrash va barqaror tabiiy resurslardan foydalanish borasidagi qat’iy pozitsiyasini tasdiqlashi ta’kidlandi.

O‘zbekiston 1997 yildan beri CITES Konvensiyasi ishtirokchisi va mazkur Konvensiya Ilovalariga kiritilgan qator turlarning vatani hisoblanadi. Ularga qor qoploni, sayg‘oq va kamyob dorivor o‘simliklar kiradi. Samarqandda (CITES CoP20) keng qamrovli muhokama maydoniga aylanib, yovvoyi turlar bilan xalqaro savdo barqarorligi, qonuniyligi va monitoring tizimlarining ishlab borilishi, ayniqsa, CITES I va II ilovalariga kiruvchi turlar bo‘yicha kuzatuv mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilinadi.

CITES Kotibiyati, BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda O‘zbekiston CoP20 samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator maxsus tadbirlarni boshlab berdi. Shulardan eng muhimlaridan biri — bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha innovatsion moliyaviy yechimlarni ilgari surishga qaratilgan yuqori darajadagi muloqotdir.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, CITES Bosh kotibi Ivonn Iguyero va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii ochib berdi.

Panel sessiyasi doirasida “Mintaqadagi bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha innovatsion yechimlar” mavzusida Markaziy Osiyo vazirlari ishtirokidagi muloqot o‘tkazildi. Unda Qozog‘iston ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbayev, Qirg‘iz Respublikasi tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri o‘rinbosari Almaz Musayev, Tojikiston hukumati huzuridagi atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodur Sheralizoda va Turkmaniston atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Charygeldi Babaniyazov o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Tadbirda nutq so‘zlagan Aziz Abduhakimov yovvoyi hayvonlar bilan noqonuniy savdo qilish dunyodagi eng yirik jinoyatlardan biri ekanligi, giyohvand modda, qurol-yarog‘ va odam savdosidan keyin to‘rtinchi o‘rinda turishini ta’kidladi.

—Yaqinda chop etilgan 2024 yilgi hisobotga ko‘ra, 162 mamlakatda yovvoyi hayvonlar bilan noqonuniy savdo holatlari aniqlangan va bu 4000 turdagi o‘simlik va hayvonlarga ta’sir qilgan, ulardan 3250 tasi CITES ro‘yxatiga kiritilgan. Hukumatlar tomonidan 13 milliondan ortiq tovar musodara qilingan, — dedi Aziz Abduhakimov. —Bu holatga barham berish uchun quyidagi masalalarga alohida e’tibor berish lozim.

Birinchi navbatda yovvoyi tabiat bog‘lari, parvarishlash markazlari va mahalliy o‘simliklar uchun xususiy sektor investitsiyalarini rag‘batlantirish, bioxilma-xillikni asrash va mahalliy jamoalar uchun foyda keltiradigan tabiatga asoslangan turizm tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash lozim. Shuningdek, atrof-muhit bo‘yicha muhandislar, bojxona xodimlari, veterinariya va karantinni nazorat qilish xizmati uchun mintaqaviy o‘quv dasturlariga investitsiyalar kiritish ham maqsadga muvofiq. Yaqinda tashkil etilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) atrof-muhit bo‘yicha bunday treninglar uchun mezbonlik qilishga tayyor.
Jahon tendensiyalari mavjud moliyaviy oqimlarning yetarli emasligini ko‘rsatmoqda.

Ular yiliga taxminan 143 milliard dollarni tashkil etadi, shundan 80–85 foizi davlat sektoriga to‘g‘ri keladi.
CITES CoP20 doirasida quyidagi ilg‘or mexanizmlarga alohida e’tibor qaratiladi:

— tabiatni muhofaza qilish obligatsiyalari;

— “tabiat evaziga qarz” dasturlari;

— ekotizim xizmatlari uchun to‘lovlar, jumladan “yovvoyi tabiatni asrash kreditlari”;

— populyatsiyalar monitoringi va yovvoyi turlarga tushadigan bosimni kamaytirish mexanizmlari;

— sun’iy ko‘paytirish va o‘simliklarni barqaror yetishtirish tizimlari.

Ko‘p tomonlama va ko‘p sektorli yondashuv — hukumatlardan tortib biznes, fuqarolik jamiyati va mahalliy hamjamiyatlargacha — tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha moliyaviy farqni qisqartirishning kalitidir.

Delegatsiya rahbarlari uchun o‘tkaziladigan yuqori darajadagi tadbir mintaqa mamlakatlarining tabiatni muhofaza qilishni moliyalashtirish bo‘yicha innovatsion yechimlari va amaliy tajribalarini namoyish etadi. Ishtirokchilar ichki va xalqaro resurslarni, davlat va xususiy investitsiyalarni birlashtiruvchi integratsiyalashgan yondashuvlarni muhokama qiladilar.

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA