Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 29 oktyabr kuni o‘tkazilgan sessiyasida viloyat shahar va tumanlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun majburiy to‘lov, shuningdek, yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarning yangi ta’riflari belgilandi.
Unga ko‘ra, endi Samarqand shahri va tumanida qattiy maishiy chiqindi uchun to‘lov bir kishiga 3400 so‘m (yuridik tashkilotlarga bir tonnasiga 130393 so‘m, bir kub metr uchun 52367 so‘m), Kattaqo‘rg‘on shahar va boshqa tumanlarda 2900 so‘m (yuridik tashkilotlarga bir tonnasiga 111303 so‘m, bir kub metr uchun 44700 so‘m) bo‘ldi. Shuningdek, yuridik tashkilotlar bir tonna suyuq chiqindi uchun 50428 so‘m to‘laydi.
Sessiyada tizim mas’ullari tariflar o‘zgarishini amaldagi narxlar ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun pastligi, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va ehtiyot qismlar narxining oshishi, ishchilar soni ortishi, tashqi kredit hisobiga olingan avtoulovlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish va ijaraga olingan texnikalar uchun ijara haqlarini qoplashda moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani bilan izohladi. Shuningdek, yuridik shaxslar “Maroqand obod” va “Toza hudud” korxonalari bilan shartnoma tuzish majburiyatini bajarmasdan kelayotgani qayd etildi.
G‘.HASANOV,
O‘zA