Bu yil yurtimizda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanmoqda. Davlatimiz rahbarining bu haqdagi qarorida Samarqand shahridagi Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish belgilangan. Ayni paytda majmua va uning atrofida, qadimiy Chokardiza qabristoni hududida qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda Chokardiza qabristonida dafn etilgan ko‘plab ulug‘ alloma va ulamolar merosini o‘rganishga ham alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, buyuk faqih, islom huquqshunosligining mukammal asari hisoblangan “Hidoya” kitobi muallifi Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joyni aniqlash borasida ham tadqiqotlar olib borildi.

Tarixiy manbalarda Buhoniddin Marg‘inoniy 1123 yilda Farg‘ona viloyatining Rishton qishlog‘ida tug‘ilgani, so‘ngra Marg‘ilon shahrida yashagani, hayotining asosiy qismi Samarqand shahrida o‘tib, 1197 yilda vafot etgach, Chokardiza qabristonida dafn etilgani qayd etiladi. Allomaning so‘nggi manzili Chokardizada ekanligi ma’lum bo‘lsa-da, uning qabri qayerda joylashganligi to‘g‘risida biror belgi yo‘q edi.
– Tarixiy kitoblar va ayrim olimlarning tadqiqotlarida Burhoniddin Marg‘inoniy qabri Chokardizaning qaysi hududida ekanligi yozilgan bo‘lsa-da, asrlar davomida, turli siyosiy tuzumlar oqibatida bu yerga yetarli darajada e’tibor qaratilmagani va qabriston hududigacha uy-joy qilib olingani uchun qabr o‘rnini aniqlash imkoni yo‘q edi, – deydi Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov. – Bu yil Imom Motuririy tavalludining 1155 yilligi munosabati bilan hududda keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari boshlangach, respublikamiz rahbariyati va viloyat hokimligi tashabbusi bilan qadimiy Chokardiza qabristoni hududida Burhoniddin Marg‘inoniy qabrini aniqlash borasida arxeologik izlanishlarga kirishdik. Bunda bizga manbashunos olim, ota-bobolari shu hududda yashagan, alloma haqida ko‘plab tarixiy manbalarga ega Komilxon Kattayev yaqindan yordam berdi. Olimning qo‘lidagi tarixiy materiallar va ota-bobolaridan eshitgan ma’lumotlari asosida qariyb uch oylik arxeologik qazishma ishlari natijasida kitoblarda qayd etilgan alloma dafn etilgan joyni aniqlashga muvaffaq bo‘ldik. Bu yerdan XII asrga oid g‘ishtlar va boshqa belgilar topildi.

Arxeologik tadqiqotlarda aniqlangan ma’lumotlar va manbalar belgilangan tartibda o‘rganilgach, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi fatvosi asosida Chokardiza qabristoni hudududa Burhoniddin Marg‘inoniy maqbarasining qurilishi boshlandi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov, taniqli olim va ulamolar, viloyat jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.

Qur’on tilovat qilinib, Chokardizada dafn etilgan allomalar yodga olindi.
Tadbirda yurtimizda ulug‘ ajdodlarimiz mangu orom topgan joylarni obod maskanga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar e’tirof etildi. Endilikda Chokardizada yana bir buyuk bobomiz Burhoniddin Marg‘inoniy maqbarasi bunyod qilinib, qutlug‘ ziyoratgohga aylanishi ta’kidlandi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri