Davlatimiz rahbarining yaqinda Samarqand viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida ishsiz yoshlar va xotin-qizlar, migratsiyadan qaytgan fuqarolar bandligini ta’minlash maqsadida viloyat miqyosida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi.
Viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tomonidan tuman va shahar hokimliklari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir bir vaqtning o‘zida Samarqand shahri, Samarqand va Pastdarg‘om tumanlari aholisi uchun Samarqand shahridagi kasbiy ko‘nikmalar markazida, Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Narpay tumanlari fuqarolari uchun Kattaqo‘rg‘ondagi monomarkazda hamda Urgut va Toyloq tumanlari aholisi uchun Urgutdagi “SAM ELEKTRO SERVIS” korxonasida bo‘lib o‘tdi.

Jumladan, Urgut tumanida ishsiz yoshlarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan keng qamrovli xatlovda ro‘yxatga olingan 1200 nafar ishsiz yosh yarmarkaga taklif etilib, ularga tumandagi korxonalarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berildi.

– Xatlov yakunlari bo‘yicha 560 nafar yoshni doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish, 191 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish rejalashtirilgan, – deydi Urgut tumani kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i Akbar Almasav. – Xorijda ishlash istagini bildirgan 218 nafar yoshga ham mazkur faoliyatni qonuniy asosda tashkil etish yuzasidan maslahat berilib, ular Tashqi mehnat migratsiya agentligi hududiy bo‘limiga yo‘naltirildi. Shuningdek, 81 nafar yigit-qizga imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Mehnat yarmarkasida Urgut va Toyloq tumanlaridagi korxonalar va tadbirkorlik sub’ektlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. 24 ta korxona 619 ta real ish o‘rni bilan qatnashdi.
Tadbirda qatnashgan 550 nafardan ortiq fuqarolarning 82 nafari ishga joylashdi. Jumladan, 48 nafar yosh Urgut tumanidagi “Sam Ferre” korxonasida, 22 nafari “SAM ELEKTRO LUX” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlash uchun yo‘llanma oldi.
Shuningdek, yarmarka doirasida 33 nafar yigit-qiz xorijiy til kurslariga yo‘naltirildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri