Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda birinchi nodavlat universitet faoliyat boshladi
18:41 / 2022-08-30

Samarqandda “Sanoat energetika guruhi” mas’uliyati cheklangan jamiyati muassisligidagi ilk nodavlat oliy ta’lim muassasasi – Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tashkil etildi.

Universitetni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad, muassasa oldiga qo‘yilgan vazifalar, faoliyatning asosiy yo‘nalishlari va boshqa shu kabi masalalar haqida universitet ta’sischilari va rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.

– O‘zbekistonni jahon iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli integratsiya qilish uchun o‘zida ilg‘or muhandislik bilimlari mavjud bo‘lgan, ijodiy fikrlash qobiliyatiga ega, innovatsion texnologiyalarni yaratish va joriy etish ko‘nikmalarini egallagan malakali mutaxassislar tayyorlash zarurati mavjud, – deydi Samarqand xalqaro texnologiyalari universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayev. – Ushbu murakkab vazifani bajarish uchun asosiy shart – bu yangi texnik ta’lim standartlari asosida muhandis kadrlarini tayyorlashning amaldagi tizimini tubdan qayta tashkil etishdan iborat. Shundan kelib chiqib, O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida 49-maqsadi sifatida xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda Samarqand xalqaro texnologiya universitetini jahonning eng ilg‘or universitetiga aylantirish vazifasi belgilangan. Joriy yilda ushbu vazifa amalga oshirilib, AQSHning eng nufuzli ta’lim muassasalaridan biri – Kolorado kon maktabi tajribasiga asoslangan holda bizning universitetimiz tashkil etildi. Shuningdek, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan davlatlardagi oliy ta’lim tizimi tajribalari o‘rganilib, o‘quv jarayoni belgilandi. Dunyodagi eng yaxshi texnologik oliy ta’lim muassasalarining pedagogik tajribasi asosida o‘quv rejalari, ta’lim dasturlari va metodikalar ishlab chiqildi.

[gallery-8583]

Muassasaga kelgusi o‘quv yilidan 250 nafar atrofida talaba o‘qishga qabul qilinadi. Asosan, neft va gaz, kimyo, geologiya va geologiya muhandisliklari, konchilik ishi, mashinasozlik, informatika, elektronika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro standartlarga javob beradigan mutaxassislar tayyorlanadi. Universitetning pedagog kadrlari jamoasini Amerika, Yevropa, Osiyo, Avstraliya va Afrikadagi yetakchi ta’lim va ilmiy-texnik markazlarda faoliyat olib boruvchi xorijiy o‘qituvchilar, mutaxassislar va trenerlar tashkil qiladi. Shuningdek, chet elda ishlab yurgan o‘zimizning mutaxassislar ham ishga taklif etilgan.

Ta’lim jarayonlari ingliz tilida olib boriladi va shuning uchun ham o‘qishga qabul qilishda talabgorlarning ushbu tilni bilish darajasi bo‘yicha sertifikat talab qilinadi. Universitet uchun Samarqand shahrida, Zarafshon daryosi yaqinida juda ko‘rkam hududda 6 gektar yer ajratilgan bo‘lib, kelgusi o‘quv yiligacha bu yerda 1000 o‘rinli, besh qavatli o‘quv binosi, talabalar turar joyi, laboratoriya, sport zal, kutubxona, xorijiy o‘qituvchilar uchun turarjoy va boshqa inshootlar – zamonaviy kampus bunyod etiladi. Ungacha esa universitet Samarqand transport texnikumi binosida faoliyat yuritadi.

Universitet rektorining qayd etishicha, yangi o‘quv yilidan muassasaga talabalar qabul qilinmasada uchta amaliy o‘quv markazi – tayyorlov, til o‘rgatish, axborot texnologiyalari va tadbirkorlikka o‘qitish markazlari faoliyat olib boradi. Keyinchalik muassasada magistratura, doktorantura ochiladi va ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun sharoit yaratiladi. Universitet talabalari 2+2, 3+1 dasturlari asosida xorijdagi hamkor oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirish va “Double degree” “Double diploma” turdagi diplom olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Matbuot anjumanida universitet ta’sischilari mazkur dargohni muvaffaqiyatli bitirgan mutaxassislar uchun kompaniya tizimida ishlash imkoniyati juda yuqori ekanligini ta’kidlab, zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan muhandis kadrlarga ehtiyoj doim yuqori bo‘lishini alohida qayd etdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA