Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda bir yilda 9 ming nafar bemorning yuragi operatsiya qilindi
13:42 / 2022-02-08

Shu yil 26 yanvar kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.

 Aholiga ko‘rsatilayotgan kardiologik va kardiojarrohlik xizmatlari sifatini yaxshilash, hududlarda yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, barvaqt aniqlash va samarali davolash ishlarini kengaytirish, bemorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish, ularni zarur dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida qabul qilingan mazkur hujjat tibbiyotning mazkur tarmog‘ida yangi davrni boshlab berdi. 
– Aslida, ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar Prezidentimizning 2017 yilda tibbiyot tizimini isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan bir qator hujjatlari bilan boshlangan edi, – deydi respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori Maqsud Saidov. – Jumladan, viloyatimiz kardiologiya sohasida ham keskin o‘zgarishlar amalga oshirildi. Kardiologiya dispanseri moddiy-texnika bazasi mustahkamlanib, zamonaviy jihozlar, tibbiy asbob-uskunalar keltirildi. Yangi poliklinika, davolash bo‘lishi ochildi. Eng muhimi, shu paytgacha xorijda faoliyat olib borayotgan o‘zimizning mutaxassislar, o‘sha yerdagi kabi maosh va shart-sharoit yaratib berish sharti bilan ishga jalb qilindi. O‘zim ham bu yerga kelgunimga qadar Moskvadagi kardiologiya markazida ishlar edim. Mana, hozir chetda ishlab kelgan 20 nafar vrach Samarqandda faoliyat ko‘rsatib, kattalar va bolalar kardioxirurgiyasi bo‘yicha murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarib kelyapmiz. 
 Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina 2021 yilda filialga 30 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 48 turdagi zamonaviy tibbiy jihozlar o‘rnatildi. To‘qqiz ming nafardan ortiq bemorlarning yuragida ochiq va yopiq turdagi murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Jumladan, yuragida xastaligi bo‘lgan 1000 nafardan ortiq bolalar operatsiyadan so‘ng sog‘lom hayot kechira boshladi.
 – 2021 yil 9 noyabr kuni mamlakatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan kardiologiya sohasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida amalga oshirilgan ishlar, sohaning dolzarb muammolari, kelajakdagi ishlar muhokama etilgandi, – deya so‘zida davom etadi M.Saidov. – Prezident qarorida aynan o‘sha yig‘ilishda aytilgan vazifalar, maqsadlar huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Endilikda barcha tuman tibbiyot birlashmalarida 20 o‘rinli kardiologiya filiallari tashkil etiladi. Ushbu filiallarga  zamonaviy exokardiograf, xoltr monitor, EKG, defibrelyator, qonning quyuq-suyuqligini o‘lchaydigan asbob beriladi. Operatsiyadan tashqari bo‘lgan yurak xastaliklarini tuman shifoxonalarida ham davolash imkoniyati yaratiladi. Bu yerda ishlash uchun vrachlar rotatsiyasini yo‘lga qo‘yamiz. Ya’ni, filial vrachini ikki oy xizmat safari bilan tumanga jo‘natamiz va tumandagi kardiolog shifokor viloyatga kelib ishlaydi. Ular bu yerda faoliyat ko‘rsatish bilan bir qatorda malaka oshiradi hamda keyinchalik bemalol o‘z hududidagi kardiologiya bo‘limida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.


Qarorda belgilanganidek, endi yiliga bir marta 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan aholining salomatlik profili (ovqatlanish xarakteri, tamakiga qaramlik, tana vazni indeksi, arterial bosim, qondagi qand va xolesterin darajasi va boshqalar) baholanadi. 40 yoshdan oshgan aholi oilaviy poliklinika va tibbiyot brigadalari orqali yiliga kamida bir marta manzilli skrining tekshiruvlaridan o‘tkaziladi. Shuningdek, yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan bemorlarning yagona elektron reyestrini yuritish hamda ushbu turdagi kasalliklari mavjud “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da bo‘lgan 200 mingdan ziyod aholiga enalapril (Enalapril) dori vositasi bepul tarqatiladi. Ehtiyojga qarab, tuman (shahar) shifoxonalari laboratoriyalari koagulometr uskunasi hamda zarur reaktivlar bilan to‘liq ta’minlanadi.


Bu sa’y-harakatlarning barchasi mamlakatimizda “Inson qadri uchun!” degan g‘oya bilan amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va darajasini oshirish, aholining sog‘lom va uzoq hayot kechirishini ta’minlashga xizmat qiladi.
 

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA