“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida A-378 avtomobil yo‘lining Samarqand viloyati Nurobod va Pastdarg‘om tumanlari hududidan o‘tgan qismida yo‘lning ikkita tomonida 10 ming tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Dam olish kunlarida mazkur hududdagi Oqsoy, Mehnatkash, Elbek mahallalarida korxona va tashkilotlar, aholi tomonidan hashar uyushtirilib, daraxt ko‘chatlari ekildi. Bu hududlar asosan dasht yerlardan iborat bo‘lib, yoz oylarida jazirama issiq hamda chang-to‘zonlar kuzatiladi. Shu sababli hududda ekologik muhitni yaxshilash, chang va zararli chiqindilar miqdorini kamaytirish, yashil hududlarni kengaytirish hamda aholi uchun obod va fayzli maskanlarni yaratish maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida manzarali daraxtlardan iborat “yashil belbog‘”lar, shuningdek, pista va bodomzorlar yaratilmoqda.

Ko‘chat ekish tadbirida viloyat hokimi Adiz Boboyev ham ishtirok etdi. U yurtimizni bog‘u bo‘stonga aylantirish, atrof-muhit musaffoligini ta’minlashga hissa qo‘shish har bir yurtdoshimizning burchi ekanini ta’kidlab, ezgu niyat bilan ko‘chat o‘tqazdi.
Viloyat rahbari hududlar mas’ullari va mutasaddilarga ekilgan ko‘chatlarni sug‘orish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish va parvarishlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Samarqand viloyati ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy bahorgi mavsumda viloyatda “Yashil makon” loyihasi doirasida 6,3 million tup mevali va manzarali daraxt, buta ko‘chatlari ekish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda viloyatning barcha hududlarida bu jarayon davom etmoqda.
Viloyatdagi o‘rmon xo‘jaliklari, ko‘chatchilikka ixtisoslashtirilgan 50 dan ortiq fermer xo‘jaligi hamda 1000 ga yaqin aholi xonadonlarida 13,2 million tup ko‘chat tayyorlangan. Bu ko‘chatlar dehqon bozorlari, markaziy yo‘l yoqalarida tashkil etilgan ko‘chat yarmarka savdolari orqali sotilmoqda, buyurtma asosida mamlakatimiz bo‘ylab yetkazib berilmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari