Joriy yilning 24-26 oktyabr kunlari Samarqand shahrida «ICTWeek Uzbekistan 2022»- axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi bo‘lib o‘tadi.
Tadbirlar yangi Xalqaro sayyohlik markazi hududida o‘tkaziladi. Bu yerda yirik xorijiy va mahalliy kompaniyalar o‘zlarining yangi texnologik yechimlarini taqdim etadi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi 2004 yildan buyon har yili o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu tadbir 18 yil vaqt davomida an’anaviy tarzda qator ixtisoslashtirilgan tadbirlarni yagona formatda birlashtirib keladi.
ICTWeekni o‘tkazishdan asosiy maqsad tajriba almashish hamda zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar yutuqlari taqdimotini o‘tkazish uchun o‘ziga xos maydoncha yaratishdan iborat. Bundan tashqari, bu xorijiy investorlarga O‘zbekiston IT-bozorining jozibadorligini namoyish etish, davlat, kompaniya va iste’molchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish uchun ajoyib imkoniyatdir.
ICTWeek doirasida tashrif buyuruvchilarni mazmunli dastur kutmoqda. U ixtisoslashtirilgan sammitlar, forumlar va panel muhokamalarini o‘z ichiga olgan.
Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar xorijiy kompaniyalarning texnik yutuqlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, IT sohasidagi innovatsiyalar bilan tanishish, yaqinda Samarqand shahrida barpo etilgan yangi sayyohlik markaziga tashrif buyurish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo‘ladi.
Roman BONDARCHUK, O‘zA