English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda aholi xonadonlariga quyosh paneli o‘rnatiladi
16:32 / 2023-02-09

Energiya tejamkorligini oshirish hamda ekologik toza, noan’anaviy va qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, bu yilgi qish mavsumi aholi xonadonlari, korxona va tashkilotlarda muqobil energiya manbaalaridan foydalanishga o‘tishni davrning o‘zi taqozo etayotganini yaqqol ko‘rsatdi. Shu sababli davlatimiz tomonidan qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbaalari ishlab chiqaruvchi, undan foydalanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari va aholiga bir qator imtiyoz va yengilliklar berilmoqda.

Samarqand viloyatidagi korxona va tashkilotlar, aholi xonadonlarida ham quyosh panellari o‘rnatish orqali energiya tejamkorligiga va ushbu xizmat uchun mablag‘ning iqtisod qilinishiga erishilmoqda. O‘tgan yil viloyat hokimligi bu borada birinchilardan bo‘lib o‘z binosida 150 kilovatli quyosh panellari o‘rnatgan edi. Shundan so‘ng viloyat moliya boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, oliy ta’lim va tibbiyot muassasalari, mahallalar va boshqa tashkilotlarning ma’muriy va yordamchi binolarida, tuman va shahar hokimliklari ham quyosh fotoelektr stansiyalaridan foydalana boshladi. Shuningdek, ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan va kam ta’minlangan oilalar xonadonlariga 718 ta quyosh paneli o‘rnatildi. Shu tarzda yil yakuniga qadar viloyatdagi korxona va tashkilotlar, aholi xonadonlarida quvvati 2103 kVt bo‘lgan jami 4206 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 202 ta suv isitish uskunasi o‘rnatildi.  

Bu raqamlar tahlil qilib ko‘rilsa, har bir tashkilot, xonadonda elektr energiyasiga sarflangan mablag‘ iqtisod qilingani oydinlashadi. Misol uchun, viloyat hokimligidagi quyosh fotoelektr stansiyasi orqali besh oy davomida 61 ming kilovatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 21 million so‘mdan ko‘p mablag‘ iqtisod qilindi. Urgut tumani hokimligining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil tumandagi 90 ta ehtiyojmand xonadonga mahalliy byudjet va homiylar hisobidan quyosh panellari o‘rnatib berilgan ekan. Bu yil esa bu ishni yana ham keng ko‘lamda amalga oshirish rejalashtirilgan.  

– Tumanimizda ham shu paytgacha ko‘p oilalar o‘z xonadoniga quyosh panellari o‘rnatib, elektr energiyasidan foydalanib kelmoqda, – deydi tuman hokimligi bosh mutaxassisi Asliddin Oblomurodov. – Endilikda muqobil energiya manbaalaridan foydalanuvchilar uchun davlat tomonidan bir qator imtiyozlar berilgach, quyosh paneli o‘rnatmoqchi bo‘lgan oilalar ko‘paymoqda. Ayni paytda yangi qurilish qilayotgan tadbirkorlar va quruvchilarga ham binolar tom qismini quyosh panellari o‘rnatishga moslab loyihalashtirish talabi qo‘yilmoqda. Jumladan, bu yil tumanimizda quriladigan 17 ta to‘qqiz qavatli uyning har biri tom qismida 20 kilovatli quyosh panellari o‘rnatiladi. Bundan tashqari, ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan 260 dan ortiq oilaga ham mahalliy byudjet hisobidan quyosh panellari olib berilib, ularning elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolariga barham beriladi.  

– Mahalladagi “Temir daftarda” ro‘yxatda turamiz – deydi urgutlik Laylo Rahmonova. – O‘tgan yil hokimiyat vakillari kelib, davlat tomonidan uyimizga quyosh paneli o‘rnatib berilishini aytishdi va bu ish qisqa vaqtda amalga oshirildi. Bu vosita uyni yoritish, ayrim maishiy texnikalarni ishlatishda juda qulay ekan. Pulimiz tejalyapti.  

Yaqinda tumanni joriy yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid loyihalar taqdimotida bu yil Urgutda quvvati 10,1 megavatt bo‘lgan zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyalari va quyosh suv isitkichlari o‘rnatilishi masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgandi. Shuningdek, tumanda quyosh fotoelektr stansiyalari qurilmalari ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etish belgilangan edi. Umuman, joriy yilda Samarqand viloyatdagi ijtimiiy soha ob’ektlari, davlat idoralari, tadbirkorlik sub’ektlari va aholi xonadonlarida umumiy quvvati 46,8 megavatt bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish belgilangan. Bundan tashqari, mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy quvvati 20 megavat bo‘lgan kichik fotoelektrstansiyalar barpo etiladi.  

Amalga oshiriladigan tadbirlar natijasida 359,9 million kilovat soat qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqariladi va 230 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilishi kutilmoqda.

G‘.HASANOV, O‘zA