Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda 9 nafar nogiron talabaning 13 milliondan ortiq stipendiyasi to‘lab berilmaganligi aniqlandi
09:17 / 2022-06-08

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 yanvardagi «Ta’lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 59-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 13-bandiga asosan I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda stipendiya to‘lanishi belgilangan.

Ammo viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining ayrimlarida mazkur talab ijrosiga panja orqasidan qaralayotgan holatlar mavjudligi ko‘zga tashlanmoqda.

Xususan, mazkur Nizom talablariga rioya etilishi yuzasidan Samarqand viloyat adliya boshqarmasining 2022 yil 28 apreldagi 121-um-sonli buyrug‘iga asosan Oqdaryo tuman adliya bo‘limi tomonidan Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida o‘rganish o‘tkazilganda 9 nafar I va II guruh nogironi bo‘lgan talabalarga jami 13 million 982 ming 760 so‘m stipendiya to‘lab berilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali Agrokimyo va agro tuproqshunoslik ta’lim yo‘nalishi 1-kurs talabasi U.Turdiyev II guruh nogironi bo‘lsada, unga 2021 yil cyentyabr oyidan 2022 yil mart oyigacha stipendiyaning bazaviy miqdorida ya’ni 517 ming 880 so‘mdan stipendiya to‘lanib, ushbu oylar uchun stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda qayta hisoblanganda jami 1 million 553 ming 640 so‘m stipendiya puli to‘lab berilmagan.

Shuningdek, II guruh nogironi bo‘lgan Logistika ta’lim yo‘nalishi 1-kurs talabasi O.Odilovga ham 2021 yil sentyabr oyidan 2022 yil mart oyigacha stipendiyaning bazaviy miqdorida ya’ni 517 ming 880 so‘mdan stipendiya to‘lanib, ushbu oylar uchun stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda qayta hisoblanganda jami 1 million 553 ming 640 so‘m stipendiya puli to‘lanmagan.

Afsuski, bunday holatlar filial mas’ullari tomonidan I-II guruh nogironi bo‘lgan boshqa talabalar bilan ham takrorlangan. Oqdaryo tuman adliya bo‘limi tomonidan aniqlangan holatlar va qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari hamda bunga olib keluvchi omillarni bartaraf etish to‘g‘risida Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali direktori nomiga taqdimnoma kiritilgan. Ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida 9 nafar talabaga 7 oy mobaynida to‘lanmay kelingan 13 million so‘mdan ortiq stipendiya to‘lab berilishi ta’minlandi.

Samarqand viloyat adliya boshqarmasi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi