Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda 724 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi
22:43 / 2025-12-23

Bu haqda Kadastr agentlgi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fozilbek Xudoyqulov viloyatda yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish, yer munosabatlari bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari yuzasidan amalga oshirilgan nazorat tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

– Barcha toifadagi yerlardan maqsadli foydalanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish hamda aniqlangan qonun buzilishi holatlari bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish kadastr agentligining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi, – dedi F.Xudoyqulov. – Mazkur faoliyatni amalga oshirish, noqonuniy qurilmalarni aniqlash va tegishli choralar ko‘rish samaradorligini oshirish, shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida boshqarma va uning tuman (shahar) bo‘limlarida faoliyat ko‘rsatayotgan yer inspektor xodimlari planshet va bodi-kamera bilan ta’minlangan. Ular davlat yer nazorati tadbirlarini ushbu qurilmalar yordamida “E-Yer nazorat” axborot almashinuv tizimida joyida rasmiylashtirmoqda. Xususan, joriy yilning 11 oyi davomida viloyat hududida 4256 ta holatda 724 gektar yer maydonlari turli xil maqsadlarda foydalanish uchun o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi. Ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslarga berilgan tushuntirish va yozma ko‘rsatmalar natijasida 1061 ish bo‘yicha qonun buzilishi ixtiyoriy bartaraf etilib, 85 gektar yer dastlabki holatiga qaytarilishi ta’minlandi. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan 494 gektar yer maydonlarini dastlabki holatiga qaytarmagan shaxslarni (2862 holat bo‘yicha) ma’muriy javobgarlikka tortish hamda noqonuniy qurilmani buzdirish, egallangan yer maydonini qaytarish yuzasidan sud idoralariga da’vo arizalari kiritildi. Mazkur da’vo arizalarning 2148 tasi qanoatlantirilib, 384 gektar yer maydonlarini qaytarish bo‘yicha sudlarning hal qiluv qarorlari ijroga qaratildi.

Sug‘oriladigan yerlardan qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlar uchun, jumladan, sanoat va fuqarolik ob’ektlari, shuningdek, unumdor tuproq talab etilmaydigan ilg‘or texnologiyalarning yangi usullari qo‘llaniladigan issiqxonalar qurilishi uchun ajratishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ammo yer nazorati tadbirlari davomida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lgan 487 ta holatda 93 gektar yer maydonlaridagi qonun buzilishi yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etildi.

Brifingda ma’lum qilinishicha, kadastr agentligining yer nazorat tadbirlarida 393 holatda 2297 gektar yer maydonlaridan maqsadsiz foydalanilayotgani aniqlanib, belgilangan tartibda tuman hokimliklariga taqdimnomalar kiritilgan va 187 gektar  yer maydonlari tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarilishi ta’minlangan.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri