Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda 6 ta oilaviy bolalar uyi faoliyat ko‘rsatmoqda
17:26 / 2021-12-24

Bu haqda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining bugun o‘tkazilgan sessiyasida davlatimiz rahbarining 2021 yil 9 avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosi yuzasidan hisobot bergan bolalar masalalari bo‘yicha viloyat komissiyasi raisi o‘rinbosari, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi boshlig‘i Lochinbek Yaxshilikov ma’lum qildi.

– Bolalarning oila bag‘rida voyaga yetishi uchun joriy yilning avgust oyida Samarqand shahridagi 1-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining ijtimoiy kelib chiqishi o‘rganildi, – dedi L.Yaxshilikov. – O‘rganish davomida Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan 107 nafar boladan 19 nafari kam ta’minlangan oilalar farzandlari ekanligi aniqlandi. Bu bolalarni oila bag‘riga qaytarish maqsadida ularning ota-onasi va yaqin qarindoshlarining turmush tarzi, oilaviy sharoiti bilan tanishdik. Oilaviy muammolari, jumladan, uy-joy bilan bog‘liq masalalar hal etilgach, pastdarg‘omlik 6 nafar Kattaqo‘rg‘on shahridan 3 nafar, Payariq va Ishtixon tumanlaridan bir nafardan tarbiyalanuvchilar o‘z oilalariga qaytarildi. 

Umuman, yakuniga yetayotgan yilda viloyatdagi 1-Mehribonlik uyidan 38 nafar, viloyat bolalar uyidan 17 nafar, SOS O‘zbekiston bolalar uyushmasi Samarqand filialidan 11 nafar bola o‘z oilasi bag‘riga qaytarilishiga erishildi. Davlatimiz tomonidan berilgan keng imtiyoz va imkoniyatlar natijasida Samarqand shahrida 3 ta, Oqdaryo, Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida bittadan “Oilaviy bolalar uyi” tashkil etildi. Bu oilaviy bolalar uylarida 36 nafar bola oila sharoitida tarbiyalanmoqda.  

 

G‘.HASANOV, O‘zA