Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda 446 mingdan ortiq qonun buzilishi holati aniqlangan
15:12 / 2023-02-22

Samarqand viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Nuriyevning Xalq deputatlari viloyat Kengashining yaqinda o‘tkazilgan sessiyasidagi axborotida qayd etilishicha, 2022 yilda viloyatdagi 2121 ta davlat organi va tashkilotlarining ish faoliyatida qonun hujjatlariga rioya etilayotganligi yuzasidan o‘tkazilgan 1395 ta monitoring va 1104 ta o‘rganishda 446 mingdan ortiq qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

– Mazkur qonun buzilish holatlarining 129 mingtaga yaqini pensiya va nafaqa, qaryib 70 mingtasi soliq, 49 ming 800 dan ortig‘i ta’lim, 31 ming 600 tasi mehnat va bandlik, 16 ming 800 ga yaqini sog‘liqni saqlash sohalariga tegishli hisoblanadi, – dedi S.Nuriyev. – Qonun hujjatlarining noto‘g‘ri qo‘llanilishi bilan bog‘liq qonun buzilish holatlarining 45 ming 400 dan ortig‘i Urgut tumanida, 41 ming 700 dan ko‘prog‘i Pastdarg‘om tumanida, 30 mingtasi Bulung‘ur tumanida aniqlangan.  

Qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish maqsadida ogohnoma, taqdimnoma, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab sudlarga 3070 ta ariza kiritildi. Bundan tashqari, qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilishi yuzasidan tegishli organlarga ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha 1376 ta, jinoiy javobgarlikka tortish uchun 16 ta taklif berildi. Natijada, jismoniy va yuridik shaxslarga 102 milliard 969 million so‘m pul mablag‘lari undirib berildi.

Davlat organlari va tashkilotlarining 2099 nafar xodimiga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. 1354 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka, 2 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi.

Misol uchun, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yurituvchi “Bekmiz carpet” MCHJning murojaatiga asosan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan kiritilgan da’vo ariza Samarqand tumanlararo ma’muriy sudining 2022 yil 26 avgustdagi qarori bilan qanoatlantirilib, Soliq boshqarmasining 2022 yil 13 iyundagi qarori haqiqiy emas deb topildi va mazkur korxonaga asossiz hisoblangan 5 milliard so‘mga yaqin soliq majburiyati bekor qilindi.

G‘.HASANOV, O‘zA