Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda 42 kishi muddatidan oldin jazodan ozod qilindi
16:56 / 2021-10-08

Samarqand viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev Pastdarg‘om tumani Xalq qabulxonasida fuqarolar bilan uchrashuv va sayyor qabul o‘tkazdi.

Dastlab O.Hayitov mamlakatimiz sud-huquq tizimidagi islohotlar, qonunchilikdagi yangilik va o‘zgarishlar haqida tushuncha berdi. Joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar va ularning natijalariga to‘xtaldi.

Qabul jarayonida jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan 50 ga yaqin fuqaroning murojaati ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun ozodlikdan cheklash jazosiga hukm qilingan 19 nafar fuqaro hamda axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 23 nafar fuqaro viloyat sudi raisiga murojaat qildi. Ular qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon qonun-qoidalarga amal qilib hayot kechirishini bildirib jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi.

– Mamlakatimizda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar. Har kim qilmishiga yarasha jazosini olishi aniq, – dedi O.Hayitov. – Biroq, qilmishining oqibatini anglab yetgan, pushaymon bo‘lgan, o‘ziga xulosa chiqargan shaxslarga hukumatimiz yengilliklar berayapti. bugungi sud-huquq islohotlari ham shunga qaratilgan. Bugun sayyor sud majlisi tashkil etiladi va sud har bir holatni alohida ko‘rib chiqib, qonuniy xulosa qiladi. Jazosi yengillashtirilib, ozodlikka chiqarilganlar butunlay qutilib ketdi, degani emas. Bu ularga imkoniyat. Lekin bu yaxshilikni, bag‘rikenglikni suiiste’mol qilmaslik kerak.

Shundan so‘ng, sayyor sud majlisi tashkil etildi. S.Xodjimamatov jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudining 2020 yil 10 avgustdagi hukmiga ko‘ra jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “g”bandi bilan aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Sayyor sudda jazoning o‘talmay qolgan 1 yil muddatini o‘tashdan ozod etildi.

Shu tariqa barcha murojaatlar birma-bir ko‘rib chiqilib, aksariyat murojaatlar ijobiy hal etildi. O‘rganilishi vaqt talab qiladigan masalalar yuzasidan aniq muddat belgilandi.

 

 G‘.HASANOV, O‘zA