Davlatimiz rahbarining 2017 yil 16 avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 2021 yilning 1 yanvariga qadar mamlakatimizning xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlar hududiga amaldagi biometrik pasportidan foydalangan holda chiqishi mumkinligi belgilangandi. 2021 yil 1 yanvardan boshlab esa chet elga chiqadigan fuqarolar xorijga chiqish biometrik pasportiga ega bo‘lishi shart.
Shu sababi 2019 yildan ichki ishlar idoralarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirish boshlangandi.

Samarqand viloyati matbuot uyida viloyat IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mazkur jarayon haqida ma’lumot berildi.
– Hozirga kunda viloyatimizda barcha tuman va shaharlardagi bo‘limlarimizda xorijga chiqish biometrik pasportlarini rasmiylashtirish punktlari faoliyat olib bormoqda, – deydi boshqarma boshlig‘i Davron Norchayev. – Jumladan, Samarqand shahar va Urgut tumanida 2 tadan, boshqarmamiz va boshqa tuman, shaharlarda bittadan, jami 19 ta shunday punkt aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Shu paytgacha viloyatimizdan 237 ming 826 nafar fuqaro xorijga chiqish biometrik pasporti oldi. 2021 yildan yaqin qo‘shni davlatlar Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiyaga chiqish uchun ham yangi pasport talab etilishi tufayli ayni paytda xorijga chiqish pasporti olish istagida bo‘lgan fuqarolar ko‘paygan. Bitta uskuna yordamida kuniga 240-260 nafargacha yurtdoshlarimizga yangi pasport rasmiylashtirilmoqda va ular 15 kunda o‘z hujjatlarini olyapti. Bugun Samarqand shahri, Samarqand va Urgut tumanlarida yangi pasport olishga talabgorlar boshqa hududlarga nisbatan ko‘proq.

Boshqarma boshlig‘ining aytishicha, 23 dekabrdan fuqarolarga amaldagi biometrik pasport berish ham to‘xtatildi va 2021 yildan boshlab ID kartalar berish joriy etiladi. Buning uchun barcha tuman va shaharlardagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida zarur shart-sharoit yaratilgan. Ayni paytda xorijga chiqish pasporti har kuni (dam olish kunlaridan tashqari) soat 8.00 dan 18.00 ga qadar rasmiylashtirilmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA