Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda 2027-yilda “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etiladi
15:54 / 2026-02-24

Davlatimiz rahbari tomonidan 2026-yil 5-fevral kuni imzolangan “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini tubdan yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi. Mazkur hujjat maktabgacha ta’lim sifatini oshirish, qamrov darajasini kengaytirish hamda tizimga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan muhim islohotlarni o‘z ichiga oladi.

– Farmonga muvofiq, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich bosqichi sifatida belgilandi, – deydi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sobir Mirzayev. – Endilikda 6 yoshli bolalar uchun maktabga tayyorlov jarayoni tizimli va majburiy asosda tashkil etiladi. Shu paytgacha viloyatimizda bolalarni maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish ko‘rsatkichi 97 foizni tashkil etgan bo‘lsa, endi to‘liq qamrovga erishiladi. 

2027-2028 o‘quv yilidan boshlab maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim jarayonlari oliy ma’lumotli pedagoglar hamda oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi bosqich talabalari tomonidan olib boriladi. Bolalarga bir yillik tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi va ushbu ma’lumot umumiy o‘rta ta’lim shahodatnomasida qayd etiladi.

Tayyorlov guruhlari maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari hamda boshqa ijtimoiy soha ob’ektlarida to‘liq yoki qisqa muddatli shaklda yo‘lga qo‘yiladi. Muhimi, nodavlat ta’lim tashkilotlariga ham bunday guruhlarni tashkil etishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, farmonda maktabgacha ta’lim tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini barpo etish belgilangan. Ushbu zamonaviy bog‘chalar tarkibida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazi tashkil etiladi.

“Yangi avlod” bog‘chalarida bolalarning yosh va rivojlanish xususiyatlariga mos ravishda ijod va san’at, fan va matematika, jismoniy faollik, til va tasavvur, robototexnika va ilk algoritmlash yo‘nalishlarida tematik o‘yingohlar tashkil etiladi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha tarbiyachi-yo‘riqchilar faoliyat yuritib, nafaqat bolalar, balki ota-onalar va boshqa bog‘cha pedagoglariga ham metodik yordam ko‘rsatadi.

Sobir Mirzayevning qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinganidek ushbu bog‘chalar “tabaqalashtirish” vositasi emas, balki sifatni oshirish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga qaratilgan namuna muassasalardir. Bolalarni qabul qilish belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Xususan, Samarqand viloyatida 2027 yilda 1 ta “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish belgilangan bo‘lib, u davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti sifatida faoliyat yuritadi.

“Yangi avlod” bog‘chalarining ma’muriy va pedagog xodimlari tanlov asosida qabul qilinadi hamda ularga tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida davlat byudjetidan har oylik qo‘shimcha ustama belgilanadi.

Farmonda pedagog kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliy ta’lim muassasalarida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlar tayyorlash xalqaro ilg‘or tajriba asosida tashkil etiladi.

Shuningdek, o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar uchun dual ta’lim shaklida to‘lov-shartnoma asosida bakalavrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

2026-yil 1 apreldan boshlab maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)larda tadbirkorlik sub’ektlari uchun qator imtiyozlar joriy etiladi.

Xususan, davlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining bo‘sh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar tashkil etishga ruxsat beriladi. Ulardan 30 yil davomida ijara to‘lovlari undirilmaydi. Har bir bola uchun 9 soatlik ish rejimidagi davlat bog‘chasida bir nafar tarbiyalanuvchiga sarflanadigan xarajatning 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.

Bu imtiyozlar 2024-yildan boshlab tashkil etilayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ham tatbiq etiladi. Qamrov darajasi 80 foizdan past hududlar ro‘yxati vakolatli vazirlik tomonidan har yili yangilanadi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri