Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda 1130 ta saylov uchastkasi tuzildi
14:54 / 2024-08-21

Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasining bugun bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Saylov kodeksiga ko‘ra, saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining, harbiy qismlar yoki harbiy qo‘shilmalar komandirlarining, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish muassasalari boshliqlarining taqdimnomasiga binoan hududiy saylov komissiyalari tomonidan tuziladi. Saylov uchastkalari, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va ko‘pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tashkil etiladi.  

– Viloyat hududiy saylov komissiyasiga tumanlar va shaharlar hokimliklari hamda Saylov kodeksida nazarda tutilgan muassasa va tashkilotlardan berilgan taqdimnomalar asosida 1130 ta saylov uchastkasi tuzishimiz zarur, – dedi Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Sanjar Nazarov. – Taqdimnomalarga ko‘ra, saylov uchastkalarining 878 tasi umuiy o‘rta ta’lim maktablarida, 67 tasi kollej, litsey va texnikumlarda, 59 tasi tibbiyot muassasalari, sanatoriya va dam olish maskanlarida, 14 tasi harbiy qism, ozodlikdan mahrum etish muassasalarida joylashadi. Saylovchilar sonidan kelib chiqib eng ko‘p saylov uchastkalari Samarqand shahri (180), Urgut (127) va Pastdarg‘om (92) tumanlariga, eng kami Kattaqo‘rg‘on shahri (33), Qo‘shrabot (45) va Oqdaryo (46) tumanlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Majlisda Samarqand viloyati hududida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi 1130 ta saylov uchastkasi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Uchastkalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar mahalliy ommaviy axborot vositalari va internet saytlarda joylashtirilishi belgilandi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri