English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda 1126 mahallaga rais saylanadi
16:39 / 2022-04-13

Fuqarolar yig‘inlari raislarining vakolat muddati tugashi munosabati bilan joriy yilning may oyida mamlakatimizda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi o‘tkaziladi.

Oliy Majlis Senati Kengashining shu yil 16 mart kuni o‘tkazilgan majlisida bu haqda qaror qabul qilinib, fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi tuzildi. Shuningdek, saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasi tasdiqlandi. O‘z navbatida hududlarda saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar tuzildi.  

Samarqand viloyatida ham viloyat, tuman va shahar ko‘maklashuvchi komissiyalari tuzilib, tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarni amalga oshirmoqda.  

– “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida” gi qonunga ko‘ra fuqarolar yig‘ini raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish oshkoralik, muqobillik hamda teng saylov huquqi prinsiplari asosida amalga oshiriladi, – deydi Samarqand viloyatida fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiya raisi o‘rinbosari, viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov. – Ayni paytda viloyatimizda saylovga tayyorgarlik jarayonlari ana shu talab asosida tashkil etilmoqda. Ko‘maklashuvchi komissiyalar faoliyati, belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishidan aholi xabardor etib borilmoqda. Shuningdek, saylovga oid qonunchilik – kimlar saylovda ishtirok etishi, kimlar saylanishi mumkinligi, ishchi guruhlar faoliyati, nomzod ko‘rsatish tartiblari va boshqa qoidalar mahallalar ahliga tushuntirilmoqda.  

Maqsad – saylovni qonun talablari asosida o‘tkazish, eng munosib, xalqni o‘z ortidan ergashtira oladigan, hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun fidoyilik ko‘rsatib mehnat qiladigan raislarni saylash. Bugun davlatimiz rahbari mahallalarga qay darajada e’tibor qaratayotgani, barcha islohot va o‘zgarishlar eng quyi tizim bo‘lgan mahalla fuqarolar yig‘inlaridan boshlanayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Shuning uchun ham bu galgi saylovning talab va mas’uliyati jarayonni tashkil etuvchilar uchun ham, saylovchi va nomzodlar uchun ham juda kuchli. Hozirda 27 kishidan iborat viloyat ko‘maklashuvchi komissiyamiz a’zolari tuman va shaharlarga biriktirilgan hamda vazifalar belgilab berilgan. Xuddi shunday tuman komissiyalari a’zolari ham mahallalargi biriktirildi. Saylovini tashkil etish va o‘tkazishga doir tavsiyalar va namunaviy hujjatlar to‘plami hududlarga yetkazildi. Shu paytgacha mahallalarda saylovni tashkil etish va o‘tkazish uchun fuqarolar yig‘inlari yoki fuqarolar vakillarining yig‘ilishi qarori bilan ishchi guruhlar tuzildi.  

Ishchi guruhlar hozirda aholi fikrini inobatga olgan holda fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga nomzodlar hujjatlarni tayyorlamoqda. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, nomzodlarga doir bu hujjatlar saylovdan kamida o‘n kun oldin kelishish uchun tuman, shahar hokimiga taqdim etiladi. Shuningdek, hududlar, fuqarolar yig‘inlari kesimida saylov yoshiga to‘lgan fuqarolarning umumiy soni va ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha so‘rovnomalar yuborildi. Mahallalardagi saylovchilar soni aniqlanmoqda. Saylovda mahalla hayotida faol ishtirok etadigan, odamlarning o‘y-tashvishini yaxshi biladigan kishilarning vakil sifatida ishtirok etishi fuqarolar yig‘inlari faoliyatini samarali tashkil etishda muhim omil hisoblanadi. Shuning uchun ishchi guruhlar hududdagi hovlilar, uylar, ko‘chalarga biriktirilib, fuqarolar vakillarini saylash bo‘yicha umumiy yig‘ilishlarini o‘tkazmoqda. Qonunga ko‘ra, fuqarolar vakillarining soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida o‘n ikki foizini tashkil etishi kerak. bugungi kunda deyarli barcha mahallalarda saylov o‘tkaziladigan manzil va ob’ektlar aniqlandi. 

Endilikda fuqarolar yig‘ini raisi uch yil muddatga saylanadi. Bu albatta, mahalla raislari uchun katta mas’uliyat. Qolaversa, bugun mahallalarda hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli kabi yangi lavozimlar joriy etilib, fuqarolar yig‘ini faoliyati kuchaytirildi. Aholining muammo va masalalarini mahallaning o‘zida hal etish imkoniyatlari oshirildi. Bu vazifalarni amalga oshirishda albatta, mahalla oqsoqolidan yuksak tashabbuskorlik va tadbirkorlik, uyg‘oq fikr, keng tafakkur va dunyoqarash talab etiladi.  

– Bugunga kelib viloyatimizdagi mahallalar 1126 taga yetdi, – deya so‘zida davom etadi I.Jabborov. – Mahallalarimizdagi aholi ham yil sayin ko‘paymoqda. O‘z navbatida aholining hayotiy ehtiyoj va talablari ham oshib bormoqda. Bu esa birinchi navbatda o‘sha hududdagi yetakchi, ya’ni mahalla fuqarolar yig‘ini raisidan davlatimiz siyosatini to‘g‘ri anglab, uni o‘z mahallasida bekamu ko‘st amalga oshirishini taqozo etadi. Mahalla raisini saylayotganimizda har birimiz ana shu jihatlarni o‘ylab, tahlil qilib, eng munosib nomzodni tanlashimiz kerak. Nomzodlar ham mahalladagi minglab aholining dardu tashvishlarini yelkasiga olishga qodirligini his qilgandagina bu maydonga tushsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Binobarin, bugun mahalla raisligi lavozim emas, yuksak ishonch, mas’uliyatni zimmaga olish demakdir.  


G‘.HASANOV, O‘zA