Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda 11 ta qurilish-pudrat tashkiloti soxta ma’lumotlar asosida “Shaffof qurilish”da g‘olib bo‘lgan
14:57 / 2022-09-23

Ushbu ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorining ijrosi yuzasidan Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida hisobot bergan Samarqand viloyati prokurori J.Hotamov tomonidan qayd etildi.

Qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan barcha hududlarda bo‘lgani kabi Samarqandda ham viloyat prokurori rahbarligida tashkil etilgan hududiy shtabga dasturlar asosida ajratilgan mablag‘lardan oqilona va maqsadli foydalanishni ta’minlash, talon-toroj qilish holatlarini oldini olish vazifasi yuklatilgan. Davlat rahbarining 2022 yil 22 yanvardagi “2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Dastur doirasida viloyatda 189 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilishi va ularning 172 tasi joriy yilda yakunlanishi belgilangan.  

Hozirga qadar byudjetdan 802,5 milliard so‘m mablag‘ yoki ajratilgan limitning 76 foizi moliyalashtirilib, 774 milliard so‘m o‘zlashtirildi. 77 ta ob’ektda belgilangan ishlar yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Afsuski, dastur ijrosini ta’minlashda mas’ullarning yetarlicha jonbozlik ko‘rsatmaganligi hamda o‘zibo‘larchilik kayfiyatida ish yuritayotganligi sababli 2 ta ob’ektning ekspertiza xulosalari olinmagan va 4 tasining pudratchisi aniqlanmagan. Shuningdek, 3 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 6 ta maktab, 2 ta oliy ta’lim muassasalarining qurilishi o‘quv yili boshlangunga qadar tamomlanmasdan qolgan.  

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 32 ta mahalla va qishloqlar uchun ajratilgan 446,1 milliard so‘m mablag‘ evaziga 1026 ta ob’ektda qurilish - ta’mirlash ishlari bajarilishi rejalashtirilib, bugungi kunda 70 milliard so‘m moliyalashtirildi.  

– Hududiy shtab o‘zining ustuvor faoliyatini qurilish sohasidagi qonun buzilishlarni aniqlash va uning oqibatlari bilan kurashishga emas, balki bu boradagi sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoiy xatti-harakatlar hamda huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratib, xato-kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etishga yo‘naltirib kelmoqda – dedi J.Hotamov. – Mazkur jarayonlarda har bir loyihaning asosliligi o‘rganilib, loyiha hujjatlariga 230 ta holatda ortiqcha yoki zaruriyatsiz kiritilgan 58,5 milliard so‘m mablag‘ maqbullashtirildi. Xususan, Payariq tumanidagi 59- umumta’lim maktabini rekonstruksiya qilish bo‘yicha “Samkadastr” MCHJ tomonidan 1 milliard 420,4 million so‘mga ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarida ora yopma plitalar soni oshirib ko‘rsatilishi natijasida ob’ekt qiymati sun’iy ravishda 119,7 million so‘mga oshirib ko‘rsatilgan. Urgut tumanidagi 121-maktabning fasad qismi suvoq ishlarida 145 million so‘m, 81-maktabda narxlarni oshirib ko‘rsatish orqali 47 million so‘m va Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-maktabni rekonstruksiya qilish ob’ekti smetasida material xarajatlariga 206 million so‘m ortiqcha xarajatlar ko‘rsatilganligi aniqlanib, bartaraf etildi. Shuningdek, vazifalarning joylardagi ijrosi ahvoli, muammolarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida viloyat shtabi rahbari boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan barcha hududlar o‘rganib chiqildi.  

Hududlardagi vaziyat hamda dasturlar ijrosi mas’ul xodimlar ishtirokida muhokama qilinib, vazifasini lozim darajada bajarmagan va qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan 42 nafar mas’ullar intizomiy, 197 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi, qo‘pol qonun buzilish holatlari yuzasidan 17 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va jinoyat oqibatida yetkazilgan 3 milliard 878 million so‘mlik zarar undirildi. 

Misol uchun, “Obod qishloq” dasturi doirasida “Qobil Quruvchi Servis” MCHJ tomonidan Pastdarg‘om tumanidagi 21-maktabda olib borilgan qurilish-montaj ishlari davomida 587,2 million so‘m mablag‘ talon-toroj qilinganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sudning hukmi bilan aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi va yetkazilgan zarar to‘liq undirildi. Qurilish ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan barcha ob’ektlar pudratchilari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi elektron tender savdolari orqali tanlanishi, qurilish-ta’mirlash jarayonlarida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmasligi, qurilish ishlarida mualliflik, texnik va davlat nazorati olib borilishini ta’minlash va aniqlangan kamchiliklar haqida hududiy shtabga axborot berib borish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu yo‘nalishdagi o‘rganishlarda viloyatdagi 11 ta qurilish-pudrat tashkiloti tomonidan statistika, soliq, bandlik va boshqa idoralarga soxta hisobotlar topshirilishi oqibatida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali o‘tkazilgan 27 ta tender savdolarida jami 219 milliard so‘mlik ob’ektlar qurilishida g‘oliblikni qo‘lga kiritganligi ma’lum bo‘ldi.  
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdorlarga tegishli choralar ko‘rilgan. Viloyatda qurilish ishlarida sifatni ta’minlash va turli qing‘ir harakatlarning oldini olish maqsadida dasturga kiritilgan ijtimoiy soha ob’ektlarida video kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Onlayn rejimda ishlovchi kuzatuv kameralarining yozuvi bir oy davomida saqlash imkoniyati yaratildi va kuzatuv kameralari viloyat shtabiga integratsiya qilindi.  

 

G‘.Hasanov,  
O‘zA