Qo‘qon davlat universiteti talabalari qadimiy shahar bilan yaqindan tanishdi
Qo‘qon davlat universitetida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni boy tariximiz va madaniy merosimiz bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ayniqsa, “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar e’tiborga loyiqdir.

Mazkur tashabbus asosida universitetning 85 nafar iqtidorli talabalari, 15 nafar professor-o‘qituvchilari va tyutorlari ishtirokida Samarqand shahriga 3 kunlik madaniy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi.
Sayohat davomida ishtirokchilar xalqimizning ilmiy, diniy va ma’naviy qadriyatlari mujassam bo‘lgan qator qadamjolar — Go‘ri Amir maqbarasi, Registon ansambli, Shohi Zinda majmuasi, Bibixonim masjidi, Xoja Doniyor ziyoratgohi hamda Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi kabi tarixiy obidalarni ziyorat qildi.

Talabalar ushbu muqaddas maskanlar orqali o‘z tarixini chuqurroq anglash, ajdodlarimizning ilm-fanga qo‘shgan hissasini his etish, qalblarida faxr-iftixor tuyg‘usini kuchaytirish imkoniga ega bo‘lishdi.
– Bu sayohat men uchun katta taassurot qoldirdi, – deydi universitet yoshlari yetakchisi Nozima Davletova. – Qadimiy Samarqandga ilk bor safar uyushtirdim. O‘z ko‘zim bilan ko‘rib, tarix darslarida o‘rganib yurgan yodgorliklarni his qilganimda ajdodlarimizga bo‘lgan ehtiromim yanada oshdi.

Ulug‘ shahar — Samarqandning boy merosi bilan tanishish talabalarning ma’naviy dunyosini boyitib, ezgulik va qadriyatlarmiz haqida teran tafakkur uyg‘otdi.

– Bunday tashriflar yoshlarning tarixiy xotirasi, vatanparvarlik ruhini shakllantirishda muhim vositadir, – deydi sayohatga boshchilik qilgan pedagog Muqaddam Hayitova. – Universitet rahbariyati tashabbusi bilan muntazam tashkil etilayotgan bu kabi safarlar nafaqat turizmni, balki yoshlar orasida intellektual va ma’naviy o‘sishni ham rag‘batlantiradi.

Ushbu safar nafaqat ko‘ngilochar, balki chuqur o‘quv-tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, ishtirokchilarga yurtimiz tarixini o‘rganish, milliy qadriyatlarga bo‘lgan hurmatni mustahkamlashda muhim zamin yaratdi.
O‘zA