FOTOREPORTAJ
Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari jarayonida ichki va xalqaro ahamiyatga ega yo‘llarning ta’mirlanishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Samarqand shahri mezbonlik qiladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlarining navbatdagi sammiti munosabati bilan bir qator yo‘llarda mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, M-37 “Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining Imom Buxoriy majmuasiga eltuvchi qismi yo‘lsozlar tomonidan ta’mirlanmoqda. Ayni paytda avtomobil yo‘lining 9-11 kilometrlarida “New Tech Samarkand” mas’uliyati cheklangan jamiyati yo‘lsozlari tomonidan asfaltlash ishlari bajarilmoqda.
–Jamiyatimiz tomonidan viloyatimizning turli hududlarida avtoyo‘llarni ta’mirlash ishlari bajarilmoqda, - deydi “New Tech Samarkand” mas’uliyati cheklangan jamiyati yo‘l uchastka boshlig‘i Ilhom Yaxshiboyev. – Bizning uchastkamizga ushbu hududdagi ishlarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish topshirilgan. Ayni paytda so‘nggi asfaltlash jarayonlarini amalga oshirmoqdamiz. Tez fursatda ushbu xalqaro ahamiyatga ega yo‘ldagi ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazamiz.
[gallery-8125]
Alisher ISROILOV (surat),O‘zA