French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand yana bir nufuzli tadbir mezboni
18:43 / 2025-06-23

Samarqand shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining “2030 yilgacha besh yil: Barqaror kelajak uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatishni jadallashtirish” mavzusidagi Davlat xizmati forumi (UNPSF 2025) o‘z ishini boshladi.

BMT Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UNDESA), O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Strategik islohotlar agentligi hamkorligida tashkil etilgan forumda Yevropa, Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrika davlatlaridan vazirlar va davlat xizmatiga mas’ul organlar rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor vakillari ishtirok etmoqda.

Anjuman avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum qatnashchilariga tabrigini Prezident yordamchisi S.Mirziyoyeva o‘qib eshittirdi.

Tabrikda davlat boshqaruvida raqamli transformatsiyani rag‘batlantirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishning innovatsion yechimlarini qo‘llash, davlat sektori institutlarida samaradorlikni keskin oshirish, liderlik boshqaruv uslubini rivojlantirish, uzluksiz ta’lim olishni kengaytirish va bo‘lajak rahbarlar uchun zarur ko‘nikmalarni belgilash bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish har qachongidan ham dolzarb ahamiyatga egaligi qayd etilgan. “Davlat – xalq uchun” tamoyiliga qat’iy amal qilib kelayotgan Yangi O‘zbekiston davlat xizmati sohasida global o‘zgarishlarning ajralmas bir qismiga aylanayotgani alohida ta’kidlangan.

[gallery-24018]

Forumning ochilishida, shuningdek, BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha bosh kotibi yordamchisi Navid Hanif, Malayziya Bosh vaziri o‘rinbosari Fadillah Yusuf so‘zga chiqib anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov mamlakatimizda davlat xizmatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar va ularning samaralari haqida so‘z yuritdi. 

– Keyingi besh yilda bir qator qonun hujjatlari qabul qilinib, o‘n yilliklarga teng ishlar amalga oshirildi, – dedi Sh.Shermatov. – “Raqamli hukumat” idoralararo integratsiya platformasi orqali 49 ta davlat organlarining 390 dan ortiq veb-xizmatlari amalga oshirilmoqda, ularga har kuni 216 dan ziyod axborot tizimlari ulanadi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari 760 dan ortiq elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 11 milliondan oshdi. Biz 2030 yilgacha raqamli texnologiyalar eksportini 5 milliard AQSH dollariga yetkazishni maqsad qilganmiz, joriy yilda bu ko‘rsatkich 1 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida keng jamoatchilik va professional huquqshunoslar uchun ochiq bo‘lgan sun’iy intellektga asoslangan raqamli yordamchi muvaffaqiyatli joriy etildi. Rivojlangan 208 ta Davlat xizmatlari markazlari tarmog‘i respublika bo‘ylab ma’muriy xizmatlardan oflayn rejimda foydalanish imkonini berdi. 2024 yilda O‘zbekiston birinchi marta Elektron hukumatni rivojlantirish reytingining “juda yuqori” darajasiga ega mamlakatlar guruhiga kirdi va GovTech yetuklik indeksida 37 pog‘onaga ko‘tarilib, “A” toifasiga kirdi.

O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri forumning Samarqand deklaratsiyasi haqida ma’lumot berdi va u raqamli transformatsiya, innovatsiya va yangi texnologiyalar, ishonchli davlat boshqaruvi, inklyuzivlik va texnologiya, kiberxavfsizlik kabi yetti maqsaddan iboratligini qayd etdi. Shundan so‘ng forum sho‘’balarda o‘z ishini davom ettirdi. Uch kun davomida anjumanda “Davlat boshqaruvida innovatsiyalar: samaradorlik, shaffoflik va hisobdorlikni oshirishda raqamli vositalar va sun’iy intellekt roli”, “So‘nggi milya”ga erishish: barcha aholiga xizmatlarni kengaytirish bo‘yicha xalqaro tajriba”, “Islohotlarni tezlashtirish: innovatsion laboratoriyalar orqali boshqaruvni transformatsiya qilish” mavzulari muhokama qilinadi.

– BMTning Davlat xizmati forumi 2003 yildan buyon har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladi va bu yil ilk bor O‘zbekiston bu nufuzli anjumanga mezbonlik qilmoqda, – deydi Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departament mudiri o‘rinbosari Muhsina Husanova. – Forumda qatnashish uchun 70 dan ortiq davlatdan vakillar tashrif buyurgan, bundan tashqari, ko‘plab xalqaro tashkilotlar rahbarlari va ekspertlari ishtirok etmoqda. 

Tadbir doirasida asosiy yig‘ilish va seminarlar bilan birga vazirlar, xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar, bir qator taqdimotlar o‘tkaziladi. Mamlakatimizda BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, tajriba almashish ham ko‘zda tutilgan. Forum an’anasiga ko‘ra, bu yil elektron hukumat sohasidagi yutuqlari uchun 12 davlatni UNDESA tomonidan taqdirlash marosimi bo‘ladi. 

– BMTning davlat xizmati forumi bitta yoki biror davlatda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishga bag‘ishlanmagan, balki barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun dunyo davlatlarida kechayotgan islohotlar va uning natijalarni o‘rganish, o‘zaro tajriba almashishga qaratilgan, – deydi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi prorektori Andrey Margolin. – Chunki sizda fikr bo‘lsa, menda ham fikr bor, sizda taklif bo‘lsa menda ham unga yarasha taklif bo‘lishi mumkin. Lekin bugun O‘zbekistonda ekanmiz, davlat xizmati sohasi bo‘yicha bu mamlakatda erishilayotgan natijalarni e’tirof etish kerak, deb o‘ylayman. Bu o‘rinda men Prezident virtual qabulxonasi aholi bilan yaqin muloqot qilishda juda qulay platforma ekanligini ta’kidlashni istardim. Ikkinchi misol, bir paytlar asosan paxta xom ashyosi sotgan O‘zbekiston bugun ishlab chiqarish jadal rivojlangani sababli qo‘shni mamlakatlardan paxta tolasi sotib olayotgani. Bu mamlakatda davlat boshqaruvi to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi, nazarimda.

Forumda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasida tajriba almashish hamda davlat xizmatlaridan teng va adolatli foydalanishni rag‘batlantirishga qaratilgan Samarqand vazirlar deklaratsiyasi muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari