Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand yana bir nufuzli sport musobaqasiga hozirlik ko‘rmoqda
18:32 / 2022-10-03

Yana besh kundan so‘ng Samarqandda triatlon bo‘yicha Osiyo kubogi bahslari boshlanadi.

Ayni kunlarda Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida mazkur nufuzli musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish, unda ishtirok etish bo‘yicha talabnomalarni taqdim etgan 30 ga yaqin mamlakat sport delegatsiyalarini kutib olish borasida bir qator tashkiliy ishlarni amalga oshirmoqda.

Bugun, 3 oktyabr kuni poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida ushbu qit’a kubogi bahslariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjuman davomida Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun Samarqandda ilk bor o‘tkazilayotgan Osiyo kubogining ahamiyati, musobaqaga olib borilayotgan oxirgi tayyorgarlik jarayonlari haqida jurnalistlarga so‘zlab berdi.

Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Sh. Mahmudov sportning uchta yo‘nalishi – yugurish, suzish va velosportni qamrab olgan triatlon musobaqalarini tashkil etish murakkab jarayon ekanligini, ushbu sport turi yurtimizda yaqin yillardan ommalasha boshlaganligiga qaramasdan, o‘tgan ikki yil oralig‘ida O‘zbekiston Osiyoning triatlon sport turi markazlaridan biriga aylanayotganligini ta’kidladi.

[gallery-9021]

O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kunning bildirishicha, o‘tgan yili Toshkentda o‘tgan qit’a chempionatida mintaqaning 10 ta mamlakati qatnashgan bo‘lsa, bu yilgi bahslarda nafaqat Osiyoning, balki dunyodagi 30 ga yaqin mamlakat jamoalari Osiyo kubogi bahslarida qatnashish uchun talabnomalar taqdim etganligi Samarqand bahslari mavqei qanchalik balandligini ko‘rsatmoqda.

Anjumanda mutasaddilar ta’kidlaganidek, Samarqandda yaqinda bunyod etilgan zamonaviy ko‘rinishdagi maydonda o‘tadigan Osiyo kubogi davomida sportchilar xalqaro reyting ochkolarini jamg‘arish uchun kurashadi. Aynan ushbu reyting ballari sportchilarga "Parij-2024" olimpiya yo‘llanmalarini qo‘lga kiritishida muhim omil bo‘lishi shubhasiz.

Musobaqalar ikki bosqichda o‘tkaziladi. 8 oktyabr kuni 29 ta davlatning professional sportchilari medallar uchun kurashadi. Ular orasida olimpiada o‘yinlari va jahon chempionatlarining sovrindorlari borligi e’tiborlidir.

9 oktyabr kuni esa 7 ta davlat vakili ishtirokida havaskorlar o‘rtasida musobaqalar hamda O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirish uchun mamlakat chempionati bahslari bo‘lib o‘tadi.

Qizg‘in savol-javob va taklif-istaklarga boy kechgan matbuot anjumani yakunida jurnalistlar triatlonni ommalashtirish masalasida ma’lumotlarning kamligini, bu borada axborot maydonini yetarli xabarlar bilan ta’minlash zarurligini bildirishdi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA